Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOREYA RESPUBLIKASI HUKUMATINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMINI RIVOJLANTIRISH LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH UCHUN BERILAYOTGAN IMTIYOZLI KREDITIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Kasb-hunar kollejlarini zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi Hukumatining Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasining (EDCF) imtiyozli krediti mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koreya Respublikasining Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekistonga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, shu jumladan oʻn yillik imtiyozli davrga, yiliga 2 foiz stavka bilan 27,0 mln AQSH dollariga teng summada Koreya vonida imtiyozli kredit berilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi EDCF krediti boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki EDCF kreditiga xizmat koʻrsatish boʻyicha moliyaviy agent hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi loyihani amalga oshirish boʻyicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
asosiy qarzni qaytarish, kredit boʻyicha vositachilik haqi, foizlar toʻlash va boshqa sarf-xarajatlar bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
loyihani komponentlar boʻyicha moliyalashtirish sxemasi 1-ilovaga* muvofiq;
koʻrsatib oʻtilgan loyihani moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan EDCF kreditini qaytarish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan EDCF kreditini berish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitimni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Eksport-import banki oʻrtasidagi Kredit bitimini imzolashga vakil qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Koreya Respublikasining tijorat banki bilan Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan ajratilayotgan kredit mablagʻlaridan foydalanish, unga xizmat koʻrsatish va uni qaytarish boʻyicha Agentlik bitimi tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Eksport-import banki oʻrtasidagi Kredit bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi oʻtkaziladigan tenderlar natijalariga koʻra mazkur loyiha doirasida tuziladigan import kontraktlarining belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
8. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga EDCF krediti mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javobgarlik;
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining kasb-hunar kollejlari boshqarmasiga Hukumatlararo bitimlar talablariga va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq loyihaning boshqarilishi, kredit mablagʻlari nazorat qilinishi va hisobga olinishi uchun masʼul boʻlgan loyihani amalga oshirish guruhi funksiyasi yuklansin.
9. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi:
koʻrsatib oʻtilgan loyiha boʻyicha texnik-iqtisodiy hisoblarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin;
Oldingi tahrirga qarang.
zarur hujjatlarni va EDCF krediti mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha iqtisodiy asoslashlarni, shu jumladan asbob-uskunalar xarid qilish va xizmatlar koʻrsatish yuzasidan tender hujjatlarini kelishish uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga taqdim etsin.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi koʻrsatib oʻtilgan loyihaning Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi import qilinadigan asbob-uskunalarni deklaratsiyalash, bojxona omborida saqlash, sertifikatlash, bojxonada rasmiylashtirish, shuningdek yetkazib beriladigan oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalarini respublika hududida tashish xarajatlarini qoplash uchun 2005-2007-yillarda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
12. Loyihani amalga oshirish davrida oʻtkaziladigan tenderlar asosida EDCF mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan tovarlar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno).
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi chet ellik mutaxassislarga, ularni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda koʻp martalik vizalar berilishini va vizalarning amal qilish muddati uzaytirilishini hamda ularning vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S.Azimov va A.A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-aprel,
159-son