Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
CHUCHUK YER OSTI SUVLARI CHIQADIGAN ZONALARNI BELGILASH TOʻGʻRISIDA
“Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “1999—2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi toʻgʻrisida” 1999-yil 20-oktabrdagi 469-son qarorini bajarish yuzasidan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida ichimlik suvning amaldagi va potensial manbalarini muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Chuchuk yer osti suvlari chiqadigan quyidagi zonalar belgilansin:
1-ilovaga* muvofiq yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijaraga oluvchilar boʻyicha 29548 ga maydondagi Togʻoldi zonasi (Jizzax viloyati);
2-ilovaga* muvofiq yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijaraga oluvchilar boʻyicha 4206 ga maydondagi Sangzor zonasi (Jizzax viloyati);
3-ilovaga* muvofiq yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijaraga oluvchilar boʻyicha 14570 ga maydondagi Shimoliy-Surxondaryo zonasi (Surxondaryo viloyati).
* 1—3 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2004-yil 1-iyulgacha muhofaza zonalari chegaralarida joylashgan potensial jihatdan ekologik xavfli obyektlarni aniqlasin.
3. Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishgan holda aniqlangan potensial ekologik xavfli obyektlarda chuchuk yer osti suvlarining ifloslanishi va kamayishining oldini olish chora-tadbirlarini 2004-yil 1-sentabrgacha ishlab chiqsinlar, zarurat boʻlganda, ularni muhofaza zonalari chegarasidan tashqariga chiqarsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 1 — 3-ilovalarda koʻrsatilgan yuridik shaxslarning mulkchilik shakllari, idoraviy mansubliligi oʻzgargan, shuningdek ular qayta tashkil etilgan taqdirda qishloq xoʻjaligi, sanoat korxonalari va boshqa obyektlar roʻyxatiga tegishli aniqlashtirishlar kiritsin, shuningdek bu haqda chuchuk yer osti suvlari nazorat qilinishi va ulardan oqilona foydalanilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli davlat organlariga bir oy muddatda maʼlum qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar — Togʻoldi, Sangzor va Shimoliy-Surxondaryo chuchuk yer osti suvlari chiqadigan zonalar chegarasida chuchuk yer osti suvlari resurslaridan oqilona foydalanilishi va ular ifloslanishdan qoʻriqlanishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi Kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 12-yanvar,
14-son