O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mikromoliyaviy xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-oktabrdagi 615-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mikromoliyaviy xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish, mikrokredit tashkilotlarining faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyalar berish mexanizmini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq respublika hududida mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
2007-yil 1-apreldan boshlab respublika hududida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli litsenziyasisiz mikrokredit tashkilotlari faoliyati amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
mikrokredit tashkilotlari faoliyati amalga oshirilishi huquqiga ariza ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgoridan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ariza berilgan kunda qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
mikrokredit tashkilotlari faoliyati amalga oshirilishi huquqiga litsenziya berilganligi uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:
respublikada ro‘yxatdan o‘tkazilgan va mikrokredit tashkilotlari faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslarni xatlovdan o‘tkazishni 2007-yil 1-aprelgacha bo‘lgan muddatda tugallasin va ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli litsenziya bersin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda mintaqalar bo‘yicha maqsadli yo‘nalishlarni nazarda tutadigan 2007-2008-yillarda mikrokredit tashkilotlari tarmog‘ini barpo etish va kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarga mikrokredit tashkilotlariga soliq solish xususiyatlarini aniqlashtirish yuzasidan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-fevral,
37-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 7-8-son, 68-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)