Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“JASORAT” MEDALINI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Jasorat” medali taʼsis etilsin.
2. “Jasorat” medali toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Jasorat” medalining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1044-XII-son
“Jasorat” medali toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Jasorat” medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmatining va ichki ishlar organlarining xodimlari respublikaning milliy xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy burchni yoki xizmat burchini ado etish vaqtida koʻrsatgan mardlik va jasoratlari uchun mukofotlanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
“Jasorat” medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar tabiiy ofat, yongʻin va boshqa favqulodda holatlar vaqtida jamoat tartibini saqlashda, odamlar hayotini, davlat va jamoat mulkini saqlab qolishda koʻrsatgan jasoratlari uchun mukofotlanishlari mumkin.
2. “Jasorat” medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Medal bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Z. “Jasorat” medali bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Jasorat” medalini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga binoan boshqa shaxslar topshiradi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Jasorat” medali bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining oʻn karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
“Jasorat” medali bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Jasorat” medali koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
7. “Jasorat” medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash toʻgʻrisidagi tegishli hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
“Jasorat” medalining tavsifi
“Jasorat” medali dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi.
Medalning havo rang emal bilan qoplangan old tomonida quyosh va taralayotgan nurlar fonida shon-shuhrat va mardlik ramzini ifodalovchi qalqon va qilich tutgan otliq jangchi tasvirlangan.
Medalning quyi qismida qizil emal fonida qabariq harflarda “JASORAT” degan yozuv berilgan. Harflarning balandligi 2 millimetr. Medalning chetlari ikki tomonidan ham qabariq doira bilan, old tomonidan qoʻshimcha qalinligi 0,8 millimetr qizil yoʻl bilan oʻralgan.
Medalning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Pastda medalning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Medalning qalinligi 3 millimetr.
Medal uch rangli yoʻl-yoʻl shoyi mato (lenta) sirilgan besh qirrali qadagʻich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Matoning eni 24 millimetr. Matoning oʻrtasidan eni 4 millimetrli yashil rang yoʻl oʻtgan. Uning ikki yonidan eni 1 millimetrli oq yoʻl joy olgan. Oq yoʻllarning yonidan eni 2 millimetrli yashil rang yoʻllar va eni 5 millimetrli qizil yoʻllar oʻtadi. Matoning chekkalaridan eni 2 millimetrli yashil rang yoʻllar oʻtgan.
Qadagʻichning boʻyi 48 millimetr, eni esa 45 millimetr.
Medal toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 119-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )