O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
INVESTITSIYa LOYIHALARINI EKSPERTIZADAN O‘TKAZISh SAMARADORLIGINI OShIRISh BORASIDAGI QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 31-dekabrdagi PQ-2463-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tuzilmasini maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiya loyihalarining ekspertizasini amalga oshirishda davlat va yakka tartibda yondashuvni ta’minlash, byurokratizm, rasmiyatchilik va sansalorlik faktlariga qat’iyan chek qo‘yish va oldini olish, ekspertiza natijalari uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri zimmasiga vazirlikda o‘tkaziladigan investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslari samaradorligi va haqqoniyligini ta’minlash, shuningdek investitsiya loyihalari hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda qat’iy nazoratni amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya takliflari monitoringi bosh boshqarmasi bevosita vazirga bo‘ysunadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri (E.M. G‘aniyev) bir hafta muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan vazifalarni hisobga olgan holda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya takliflari monitoringi bosh boshqarmasining tuzilmasi va Nizomini qayta ko‘rib chiqsin hamda yangilarini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-yanvar,
PQ-554-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 1-2-son, 6-modda)