O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGINI TA’MINLAShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Transport vositalarini boshqarish chog‘ida haydovchilarning mobil aloqa vositalaridan foydalanishi munosabati bilan avariyalar yuz berishi ehtimolini kamaytirish hamda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2007-yil 1-yanvardan boshlab haydovchilarning transport vositasini boshqarish chog‘ida telefondan foydalanishi taqiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 10 kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
bunday huquqbuzarliklarni baholashning aniq mezonlarini aniqlashni nazarda tutgan holda o‘n kun muddatda o‘z normativ hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin;
mazkur qaror talablari avtomototransport vositalari haydovchilari va aholi e’tiboriga belgilangan tartibda yetkazilishini, ular orasida zarur tushuntirish ishlari olib borilishini ta’minlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-dekabrdagi 472-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 75-modda) bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 3.6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“transport vositasini boshqarish chog‘ida telefondan foydalanish”.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-noyabr,
241-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 46-47-son, 459-modda)