Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZMADPARRANDA-XOLDING” XOLDING KOMPANIYASINI TUGATISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xususiy sektorni yanada rivojlantirish, parrandachilik korxonalariga investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ustav jamgʻarmasi shakllantirilmaganligi munosabati bilan “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda kompaniyani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirsin;
“OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kirgan korxonalardagi davlat ulushlarini ular xususiy mulk qilib sotilgunga qadar tegishli viloyatlar hokimliklariga ishonchli boshqaruvga bersin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Parranda goʻshti va tuxum yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 13-sentabrdagi 419-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 28-oktabr,
221-son