Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hayʼatining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT NOTARIAL IDORALARIDA VA XUSUSIY AMALIYOT BILAN ShUGʻULLANUVChI NOTARIUSLAR HUZURIDA STAJIROVKA OʻTASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur qaror adliya vazirligi Hayʼatining 2010-yil 18-oktabrdagi 25/10-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan. Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2010-yil 20-oktabrdagi 223-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2149, 20.10.2010-y.) qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini yanada takomillashtirish, stajirovka oʻtashning yagona uslubini joriy etish, stajyor faoliyatini tashkil etish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida hamda “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq, Adliya vazirligi hayʼati qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarida va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar huzurida stajirovka oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtganidan keyin kuchga kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari:
barcha davlat notarial idoralarida va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar huzurida stajirovka oʻtalishini toʻgʻri tashkil etilishi hamda mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilishni;
Keyingi tahrirga qarang.
joriy yilning noyabr-dekabr oyida mazkur Nizomni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan barcha davlat notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar va stajyorlar ishtirokida seminar mashgʻulotlarini oʻtkazishni taʼminlasinlar.
3. Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (I.I. Yusubjonov):
joriy yilning noyabr-dekabr oylarida ushbu Nizom qoidalarini qoʻllash boʻyicha seminar oʻtkazishni tashkillashtirsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, davlat notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan mazkur Nizom talablarini bajarilishini muntazam ravishda nazorat qilib borishni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (S.U. Sattarov) ushbu hayʼat qarori bilan tasdiqlangan nizomni davlat roʻyxatidan oʻtkazsin va Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
5. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (U.T. Ayubov) ushbu hayʼat qarorini “Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hayʼatining 2000-yil 28-aprel 33-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarda stajirovka oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E.S. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.
Hayʼat raisi, vazir B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 8-noyabr,
29-son
Adliya vazirligining 2006-yil 8-noyabr 29-son Hayʼat qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarida va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar huzurida stajirovka oʻtash tartibi toʻgʻrisida nizom
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq, davlat notarial idoralarida va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar (keyingi oʻrinlarda matnda xususiy notariuslar deb yuritiladi) huzurida stajirovka oʻtash tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Davlat notarial idorasida va xususiy notarius huzurida oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi stajirovka oʻtashga tayinlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Davlat notarial idoralarida zarur boʻlgan stajyorlar sonini har uch yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda matnda adliya boshqarmasi deb yuritiladi) notarial palatalar bilan birgalikda (agar tuzilgan boʻlsa) aniqlab boradi va ular zaxirasini tuzadi. Bunga ish hajmi, mazkur hududda kelgusida qoʻshimcha notariuslarga boʻlgan talab va ishdan boʻshab yoki boshqa ishga oʻtib ketayotgan notariuslar soni asos qilib olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Stajirovka oʻtaganlar tegishli adliya boshqarmasi tomonidan alohida kitobda roʻyxatga olib boriladi.
4. Stajyorga rahbar etib notariuslik lavozimida kamida uch yil ishlagan va notarial faoliyat boʻyicha yetarli tajribaga ega boʻlgan notarius tayinlanadi.
5. Stajyor rahbari stajyorning stajirovka davrida notarial faoliyatga doir masalalarni oʻzlashtirib borishida masʼul hisoblanadi.
6. Stajyorga rahbar etib yaqin qarindoshlar (ota-ona va bolalar, er-xotinlar) tayinlanishi mumkin emas.
7. Stajirovkaga rahbarlik qilayotgan davlat notarial idorasi notariusining oylik maoshiga adliya boshqarmasi tomonidan qoʻshimcha toʻlovlar belgilanishi mumkin.
8. Stajirovka oʻtalishini adliya boshqarmasi oʻz vakolati doirasida oʻrganadi, umumlashtiradi va nazorat qiladi.
II. Stajyorni stajirovka oʻtashini rasmiylashtirish
9. Davlat notarial idorasida stajyorni ishga qabul qilish adliya boshqarmasi tomonidan mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
10. Xususiy notarius mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq stajyorni mustaqil tarzda ishga qabul qiladi hamda bu haqda adliya boshqarmasini uch kun ichida yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Mehnat shartnomasi taraflar kelishuvi boʻyicha mehnat toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq tuziladi.
12. Stajyorni ishga qabul qilish vaqtida quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
a) ariza;
b) belgilangan shaklda toʻldirilgan shaxsiy varaqa;
v) pasport nusxasi;
g) oliy yuridik maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomning notarial tasdiqlangan nusxasi;
d) mehnat daftarchasi (birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno);
e) oxirgi ish joyidan mehnat faoliyati haqida tavsifnoma (birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno).
13. Davlat notarial idoralarida stajyorni ishga qabul qilish adliya boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Xususiy notariusda stajyorni ishga qabul qilish xususiy notarius buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun stajyor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ishga qabul qilish haqidagi buyruq tuzilgan mehnat shartnomasining mazmuniga toʻla muvofiq ravishda chiqarilishi va stajyorga maʼlum qilinishi lozim.
III. Stajirovka oʻtash muddati
15. Stajirovka oʻtash muddati, ishdan ajralgan holda kamida bir yil boʻlishi lozim. Stajirovkani oʻrindoshlik asosida oʻtalishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxslar uchun stajirovka muddati tegishincha adliya boshqarmasining buyrugʻi bilan kamaytirilishi mumkin. Bunday hollarda stajirovka muddati olti oydan kam boʻlmasligi kerak.
17. Notarius yordamchisi, shuningdek Adliya vazirligida yoki adliya boshqarmasida bevosita notariatga rahbarlik qilish vazifalarini amalga oshirish bilan bogʻliq lavozimlarda (rahbarlar, mutaxassislar) ishlagan shaxslarning uzluksiz ish staji bir yildan kam boʻlmagan taqdirda ular stajirovka oʻtagan hisoblanib, imtihon topshirishlariga yoʻl qoʻyiladi.
18. Stajyorning yoxud stajirovkaga rahbar notariusning uzoq muddat kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga (bola tugʻish, tarbiyalash, taʼtilda boʻlishi, ishdan ajralgan holda malaka oshirish kabilar) koʻra stajirovkaning maʼlum muddati oʻta olmay qolgan taqdirda, tegishli adliya boshqarmasi boshligʻining yoki xususiy notariusning buyrugʻiga koʻra ana shu davrga uzaytirilishi yoki boshqa notarius huzurida stajirovka oʻtash uchun biriktirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Stajyor faoliyatini tashkil etish
19. Davlat notarial idoralarida stajyorlar mehnatiga adliya boshqarmasining davlat notarial idoralari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash boʻyicha maxsus hisob raqamidan, xususiy notariuslarda esa, ular oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida haq toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Stajyor mehnat sharoiti, ish staji, ish vaqti, mehnat taʼtili, ijtimoiy sugʻurta va boshqa mehnat qonunchiligiga oid masalalarda notariuslar uchun belgilangan barcha huquqlardan foydalanadi. Stajyorlarga nisbatan ichki mehnat intizomi qoidalari tatbiq qilinadi.
21. Adliya boshqarmasi boshligʻi yoki oʻrinbosari tomonidan stajirovka davrida oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan va notarial faoliyatga taalluqli boshqa masalalarni oʻzida mujassamlashtirgan stajirovka oʻtash rejasi tasdiqlanadi. Ushbu reja asosida stajyorlar oʻz vazifalarini davlat notarial idoralari va xususiy notariuslarda amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Stajyorning notarial faoliyatni mukammal oʻrganishini taʼminlash maqsadida adliya boshqarmasi tomonidan, ishi namunali boʻlgan va ayrim murakkab notarial harakatlarni rasmiylashtiradigan boshqa davlat notarial idoralarida bir oydan ortiq boʻlmagan muddat mobaynida stajirovka oʻtashi tashkil qilinadi. Boshqa davlat notarial idorasida stajirovka oʻtalganligi toʻgʻrisida notarius tomonidan tegishli maʼlumotnoma tuzilib stajyorning rahbariga yuboriladi.
23. Stajyorning vazifasiga quyidagilar kiradi:
notarial idorada ish yuritish;
notarial hujjatlarning loyihalarini tayyorlash;
statistik hisobotlarni tuzish va tahlil qilishda qatnashish;
notarial amaliyotni umumlashtirishda ishtirok etish;
arxiv ishlarini yuritishni oʻrganish.
24. Stajirovka davrida stajyor quyidagilarni oʻzlashtirishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasining notariatga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarini;
notarial amaliyot va notarial harakatlarni amalga oshirish qoidalarini;
mehnat jamoasi va fuqarolar bilan oʻzaro munosabatlarda mavjud boʻlgan axloqiy normalarni.
25. Stajyor xizmat vazifasini bajarish vaqtida notarial idorada amalga oshirilgan notarial harakatlardan unga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor qilmasligi lozim. Bu haqda stajyordan tegishli tilxat olinadi.
V. Stajirovka yakuni boʻyicha xulosa
26. Stajyor stajirovka yakuni boʻyicha stajirovka rejasining ijrosi hamda oʻzlashtirilishi va kasbiy malakasini oshirish borasida amalga oshirgan boshqa ishlari haqida yozma hisobot tuzadi.
27. Stajyor rahbari ushbu yozma hisobot asosida stajyorga tavsifnoma tayyorlaydi va stajirovka yakuni boʻyicha xulosa tuzadi. Ushbu hujjatlarga notariusning imzosi hamda muhri qoʻyiladi.
28. Stajyor rahbarining xulosasida quyidagilar bayon etilishi lozim:
stajirovka oʻtalgan davr;
stajirovka rejasi bajarilganligi haqidagi maʼlumot;
stajyorning stajirovka oʻtash davrida olgan amaliy koʻnikmalari va kasbiy bilim darajasi;
stajyorning unga yuklatilgan vazifalarni bajarishdagi mahorati;
stajyorning keyinchalik mustaqil ravishda notarius boʻlib ishlashga umumiy tayyorgarlik darajasi;
stajyorning stajirovka oʻtalgan davriga umumiy hisoboti.
29. Xulosa uch nusxada tuzilib adliya boshqarmasiga va stajirovka oʻtagan shaxsga beriladi. Uchinchi nusxasi stajirovka oʻtalgan notarial idorada saqlash uchun qoldiriladi.
30. Stajirovka natijalari boʻyicha stajyor adliya boshqarmasi qoshidagi notariat boʻyicha malaka komissiyasiga hisobot beradi va komissiya qaroriga asosan malaka imtihoniga qoʻyiladi.
31. Stajirovka oʻtash natijasi toʻgʻrisidagi xulosa va tavsifnoma stajyorning malaka imtihonini topshirish haqidagi arizasiga qoʻshib qoʻyiladi.
VI. Yakuniy qoidalar
32. Adliya boshqarmasi har yil stajyorlar tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlarni umumlashtirib boradi va bu haqdagi maʼlumotni keyingi yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboradi.