Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
V.P. Chkalov nomidagi toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va moliyaviy-iqtisodiy jihatdan sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
“V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati salohiyatidan yanada samarali foydalanish, zamonaviy raqobatbardosh aviatsiya texnikasini barqaror ishlab chiqarishni taʼminlash, shuningdek ishlab chiqarishni boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish va rivojlantirish maqsadida:
1. Taʼkidlansinki, soʻnggi yillarda V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (“Chkalov nomidagi TAICHB” DAJ) tomonidan shovqin, emissiya va aniq navigatsiya boʻyicha IKAO talablariga toʻliq javob beradigan transport hamda yoʻlovchi tashuvchi yangi avlod samolyotlarini muntazam ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, “Chkalov nomidagi TAICHB” DAJning boshqaruvi raisi — bosh direktori va boshqaruv aʼzolari (bosh muhandis, bosh direktor oʻrinbosarlari, hududiy boʻlinmalar direktorlari) aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida saylanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimlarga tasdiqlanadi.
(2-bandning birinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 9-iyuldagi PQ-668-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2007-y., 27-28-son, 282-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar “Chkalov nomidagi TAICHB” DAJning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishi etib belgilansin:
respublikamizda aviatsiya va boshqa raqobatbardosh texnika ishlab chiqarishni rivojlantirish, jumladan ichki havo yoʻnalishlaridagi eskirgan samolyotlar parkini almashtirish maqsadida uzoq istiqbolni nazarda tutgan holda Il-114 turkumdagi samolyotlar ishlab chiqarishni taʼminlash;
birlashmaning eksport salohiyatini oshirish va moliyaviy ahvolini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aviatsiya sanoatida muhandislar va boshqaruvchi kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni tizimli asosda tashkil etish.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-9-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 9-iyuldagi PQ-668-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2007-y., 27-28-son, 282-modda)
10. Chkalov nomli Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi 2010-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatgacha:
Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan roʻyxatlar boʻyicha rivojlanish prognozlari rejasiga muvofiq samolyotlar ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan import qilinadigan butlovchi buyum va materiallar;
kapital taʼmirlash uchun respublika hududiga olib kelinadigan hamda xorijiy pudratchilar kuchi bilan taʼmirlash va ishlov berishni tugatish maqsadida respublikadan tashqariga vaqtincha olib chiqiladigan samolyotlar tarkibidagi butlovchi buyumlar uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda bir oy muddatda:
An-24 va Yak-40 samolyotlari parkini almashtirish maqsadida “Pratt Uitni” dvigatelli va “Kollinz” avionikali Il-114-100 samolyotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishni uzoq muddatli imtiyozli kreditlashni tashkil etish;
“Chkalov nomidagi TAICHB” DAJda Il-114 samolyotlari uchun trenajer majmuasini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Chkalov nomidagi TAICHB” DAJ Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda birlashma Nizomiga tegishli oʻzgartishlar kiritish va amaldagi qonun hujjatlari hamda mazkur qaror talablariga muvofiq aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.R. Shoismatov va R.S. Azimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 30-oktabr,
PQ-500-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 45-son, 439-modda; 2007-y., 27-28-son, 282-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)