Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“MUSTAQILLIK” ORDENINI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Mustaqillik” ordeni taʼsis etilsin.
2. “Mustaqillik” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Mustaqillik” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1040-XII-son
“Mustaqillik” ordeni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Mustaqillik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga, respublikada tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga qoʻshgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadilar.
“Mustaqillik” ordeni bilan ayrim hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Mustaqillik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti mukofotlaydi. Orden bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Z. “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mustaqillik” ordenini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri topshiradi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
“Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Mustaqillik” ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi.
7. “Mustaqillik” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“MUSTAQILLIK” ORDENINING TAVSIFI
“Mustaqillik” ordeni 1 mikron qalinlikda oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi. Orden ikki yon bagʻridan zarhal nur taralgan sakkiz qirrali musamman koʻrinishida boʻladi. Ikki yon bagʻridan taralgan nurlarning yuzasida diametri 2 millimetrli 46 ta fianit bor. Musammanning burchaklari orasida yoqutrang emal qoplangan taram-taram boʻlib taralayotgan nurlar joylashgan. Musammanning qarama-qarshi uchlari orasidagi masofa — 57 millimetr. Nurlar jo boʻlgan aylananing diametri — 52 millimetr.
Ordenning markazida mustaqillik ramzi boʻlmish Humo qushi kumush rangda tasvirlangan. Humo qushi ortidagi, rangli emaldan ishlangan manzara Oʻzbekistonning jozibasi va sahovatini aks ettiradi.
Humo qushini oʻrab turgan aylananing yuqori qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining ramzi — yarim oy va yulduzni oʻz ichiga olgan moviy musamman tasvirlangan. Musamman jo boʻlgan maydonning diametri — 10,5 millimetr, yarim oy hamda besh qirrali yulduz jo boʻlgan maydonlarining diametrlari tegishlicha — 5 millimetr va 2,6 millimetr. Aylananing tepa qismida oʻn ikki insoniy fazilat ramzi boʻlgan, diametri 2,5 millimetrli oʻn ikkita yoqut tosh bor. Aylananing chekkalari har ikki tomondan 1 millimetr qalinlikda moviy emaldan ishlangan qabariq hoshiya bilan oʻralgan. Aylananing diametri 36 millimetr, qalinligi 6 millimetrdir.
Aylananing pastki qismida oq rangli emaldan ishlangan manzarada yoqutrang emal bilan qoplangan “MUSTAQILLIK” degan yozuv bor. Harflarning balandligi — 2,7 millimetr.
Ordenning orqa tomoni botiq boʻlib, markazida ordenni taqish uchun burama shtift va murvat bor.
Pastki qismida ordenning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Ordenning qalinligi — 8 millimetr.
Ordenning ogʻirligi — 60,5 gramm.
(“Mustaqillik” ordenining tavsifi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprel, 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 115-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)