Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
MALAYZIYA FUQAROLARI UCHUN VIZA TARTIBINI SODDALASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Malayziya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada avj oldirish, Oʻzbekiston Respublikasiga ish yuzasidan va sayyohlik hamda ziyorat qilish maqsadida kelayotgan Malayziya fuqarolariga vizalarni rasmiylashtirish ish tartibini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
— Oʻzbekistonga ish yuzasidan keladigan Malayziya fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi talabi bekor qilingan holda, 6 oy muddatgacha boʻlgan koʻp martalik vizalarni Oʻzbekiston Respublikasining chet el muassasalarida hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmasdan 2 ish kuni mobaynida rasmiylashtirsin;
— Oʻzbekistonga sayyoh sifatida, shuningdek, ziyorat uchun keladigan Malayziya fuqarolariga “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasining sayyohlik vaucherlarini yoki boshqa sayyohlik tashkilotlarining taklifnomalarini taqdim etish talabi bekor qilingan holda, 1 oy muddatgacha boʻlgan koʻp martalik vizalarni hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmasdan 2 ish kuni mobaynida rasmiylashtirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻz idoraviy normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 27-sentabr,
PQ-476-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 388-modda; 2017-y., 8-son, 108-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)