Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA TOVARLAR VA TRANSPORT VOSITALARINI ChETDAN VAQTINChALIK OLIB KELISh QOIDALARIGA QOʻShIMChA KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy davlatlarning diplomatik va konsullik vakolatxonalari hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning ehtiyojlari uchun, shuningdek ularning xodimlari ehtiyojlari uchun avtotransport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasiga vaqtinchalik olib kelish shartlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-avgustdagi 399-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 8-son, 85-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish qoidalarining II boʻlimi 5-bandining “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Avtotransport vositalarini vaqtinchalik olib kelishga:
mazkur kichik bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan vakolatxonalar uchun, — bir xodimga 1 ta (bitta) avtotransport vositasi;
mazkur kichik bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy foydalanishi uchun, — vakolatxonaning bir xodimiga va uning oilasining voyaga yetgan aʼzosiga 1 tadan (bittadan) avtotransport vositasi, biroq bir oilaga 2 tadan (ikkitadan) ortiq boʻlmagan avtotransport vositasi hisobidan kelib chiqib yoʻl qoʻyiladi.
Avtotransport vositalarini vaqtinchalik olib kelishga miqdoriy cheklashlar Oʻzbekiston Respublikasining erishilgan ahdlashuvlaridan kelib chiqib, shuningdek baravarlik shartlarida yoki muruvvat loyihalari va texnik koʻmaklashish loyihalarini amalga oshirish uchun oʻzgartirilishi mumkin. Miqdoriy cheklash oʻzgarishi toʻgʻrisidagi qaror akkreditatsiya boʻyicha vakolatli organning birinchi rahbari tomonidan qabul qilinadi, keyinchalik bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilinadi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-avgust,
174-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 34-35-son, 343-modda)