Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING PASPORTLARI VA 16 YoShGA TOʻLMAGAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING GUVOHNOMALARI BLANKALARI TAYYORLAShNI MODDIY-TEXNIK TAʼMINLASh VA TAShKIL ETISh TARTIBINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-sonli “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportlari va 16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining guvohnomalari blankalari tayyorlashni moddiy-texnik taʼminlash va tashkil etish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari pasportlari va 16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari guvohnomalarining har yili tayyorlanadigan blankalari umumiy soni qonun hujjatlarida belgilangan yoshga toʻlgan shaxslarning joriy statistik hisobi maʼlumotlari boʻyicha prognozlardan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari pasportlari va guvohnomalarini olish va almashtirish uchun boshqa asoslardan kelib chiqib hisoblab chiqiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari pasportlari va 16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari guvohnomalarini tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilansin, bunda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi har yili 1-aprelgacha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini olish yoki almashtirish uchun asos hisoblanadigan 16, 25 va 45 yoshga toʻlgan shaxslar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har yili 1-aprelgacha Ichki ishlar vazirligiga oldingi ikki yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish barcha organlari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan nikohlar, ajralishlar soni va familiyaning oʻzgarishi hamda ismi va otasining ismi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oldingi davrdagi faoliyat tahliliga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Adliya vazirligidan olingan maʼlumotlarga muvofiq har yili belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga pasportlar va guvohnomalar blankalari tayyorlashga boʻlgan ehtiyoj prognozini taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha har yili pasportlar va guvohnomalar blankalari tayyorlashni moddiy-texnik taʼminlash va tashkil etish uchun respublika budjetidan mablagʻ ajratilishini nazarda tutadi;
“Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha pasportlar va guvohnomalar blankalari oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar doirasida:
pasportlar va guvohnomalarni rasmiylashtirish va chop etish uchun maxsus asbob-uskunalar;
192 ming AQSh dollariga va 51,1 ming yevroga pasportlar va guvohnomalarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan ehtiyot qismlar va maxsus materiallar sotib olsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Milliy pasportlar tayyorlashning moddiy-texnik va moliyaviy masalalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ular bilan taʼminlash toʻgʻrisida” 1996-yil 21-avgustdagi 293-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 16-may,
87-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 177-modda)