Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TIKLANISH VA TARAQQIYOT JAMGʻARMASI FAOLIYATINI TASHKIL QILISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 11-maydagi PF–3751-sonli Farmoniga muvofiq hamda ustuvor investitsiya loyihalarini samarali moliyalashtirishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar belgilansin:
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma ijroiya organi va uning mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi tarkibida tegishli loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha tavsiyanomalar berilishi uchun masʼul boʻlgan ekspert guruhi tashkil qilinadi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod qilinadi, maqomi boʻyicha esa Vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyati Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
2. Quyidagilar:
boshqaruv xodimlari soni 15 nafardan iborat boʻlgan Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish prinsiplari toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, har oyda Jamgʻarma hisobiga:
respublikaning ayrim strategik resurslari boʻyicha jahon bozorlaridagi qulay narxlar natijasida hosil boʻlib, ortiqcha foydadan olinadigan soliqlar, yer bagʻridan foydalanganlik uchun soliq va aksiz soligʻi tarzida respublika budjetiga rejadan ortiqcha tushadigan mablagʻlar;
har yili Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlash chogʻida Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan qimmatbaho metallarga belgilanadigan chegara narxdan jahon narxining oshishi natijasida tushadigan mablagʻlar oʻtkazib boriladi.
Shu bilan bir qatorda, kelib tushishiga qarab Jamgʻarma hisobiga:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy sheriklar bilan mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlari doirasida mahsulotni sotishdan oladigan daromadlari;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat mulkini xorijiy investorlarga chet el valyutasiga sotishda Davlat budjeti daromadlari rejasidan ortiqcha tushadigan mablagʻlar;
Jamgʻarma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan Jamgʻarma mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini joylashtirishdan olinadigan investitsiya daromadlari oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar belgilansin:
Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaraqlarda chet el valyutasida shakllantiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma moliyalashtirishni taklif etiladigan investitsiya loyihalarining samaradorligi va oʻzini qoplash muddatlarini hisobga olgan holda moliyalashtirish shartlari va Jamgʻarma mablagʻlarini qaytarish mexanizmi toʻgʻrisida vakolatli banklar bilan imzolanadigan bosh bitimlar asosida amalga oshiradi;
Jamgʻarma tomonidan vakolatli banklarga beriladigan kredit resurslari boʻyicha foiz stavkasi yiliga 6 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Jamgʻarma aktivlarining barqarorligi va ularning daromadliligini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Jamgʻarma bilan ishonchli boshqaruv toʻgʻrisidagi bosh bitim asosida Jamgʻarma mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini yuqori likvidli, ishonchli xorijiy moliya vositalariga joylashtirishni amalga oshirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bir oy muddatda:
Jamgʻarmaning boʻsh qoldiqlarini xorijiy moliya vositalariga, investitsiya operatsiyalariga joylashtirish tartibini, jumladan Jamgʻarma mablagʻlarining bir qismini ishonchli tashqi boshqaruvchi tomonidan boshqarishga topshirishni belgilab beradigan meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqsin va Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengashga tasdiqlash uchun kiritsin;
Jamgʻarma manbalaridan biri sifatida — alohida soliq stavkalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish Tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi zarur aloqa vositalari bilan taʼminlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki binosiga joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy banki, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgarishlar kiritilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 16-may,
PQ-350-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 16-maydagi PQ-350-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish prinsiplari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda “Jamgʻarma” deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot Jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2006-yil 11-maydagi PF–3751-sonli Farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Jamgʻarma Vazirlar Mahkamasi huzuridagi moliyaviy muassasa boʻlib, faoliyatining asosiy maqsadi iqtisodiyotning yetakchi, eng avvalo bazaviy tarmoqlarini modernizatsiyalash va texnikaviy qayta qurollantirish boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek mamlakatni muttasil, barqaror va mutanosib ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda samarali tarkibiy va investitsiyaviy siyosatni amalga oshirishdan iborat.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilib, yuridik shaxs huquqlariga, oʻzining mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida hisobvaraq, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisobvaragʻiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tushirilgan muhriga ega boʻladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi timsolida Jamgʻarma muassisi hisoblanadi. Tijorat banklari, xorijiy jamgʻarmalar, investorlar va boshqa manfaatdor tuzilmalar ham Jamgʻarma muassislari boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toshkent shahar Bosh boshqarmasi QKKMda Jamgʻarmaning maxsus hisobvaraqlarida jamlanadi.
6. Jamgʻarma loyihalarni moliyalashtirish (qoʻshma moliyalashtirish)ni:
Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash qarori bilan roʻyxati tasdiqlanadigan vakolatli banklarning (keyingi oʻrinlarda — tijorat banklari) buyurtmanomalariga binoan muddatli, toʻlovli va qaytarish asosida;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan buyurtmanomalariga binoan — grant asosida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
8. Jamgʻarma manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Amir Temur koʻchasi, 101-uy.
II. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat va xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan tijorat banklari, xorijiy jamgʻarma va investorlar hamda boshqa manfaatdor tuzilmalarning moliyaviy mablagʻlarini jamlab borish;
Keyingi tahrirga qarang.
iqtisodiyotni rivojlantirish hamda ishlab chiqarishni tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va modernizatsiya qilishdagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan gʻoyat muhim loyihalarni moliyalashtirish;
strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlgan korxonalarni, birinchi navbatda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini yangilash va texnik jihatdan qayta qurollantirish dasturlarini kreditlash;
yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati, mashinasozlik va rangli metallurgiya tarmoqlarini texnik jihatdan qayta qurollantirishga hamda ishlab chiqarish surʼat va hajmlarini oshirishga yoʻnaltirilgan loyihalar moliyalashtirilishini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
birinchi navbatda istiqbolli, ammo yetarlicha rivojlanmagan hududlarda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzulmasini shakllantirish boʻyicha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli milliy davlat dasturlari va loyihalarning amalga oshirilishini moliyalashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
respublikaning xalqaro kommunikatsiyalar tarmogʻiga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratadigan, xalqaro transport yoʻlaklari va jahon bozorlariga eng qisqa yoʻl bilan chiqishni taʼminlaydigan transport hamda telekommunikatsiyalar infratuzilmasini modernizatsiyalash va rivojlantirishni moliyalashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
xalqaro moliya institutlari, respublika va xorijiy mamlakatlarning kredit muassasalari bilan loyihalarning qoʻshma moliyalashtirilishini tashkil etishni taʼminlash.
10. Yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Jamgʻarma quyidagi funksiyalarni bajaradi:
navbatdagi yil uchun moʻljallangan makroiqtisodiy va pul-kredit koʻrsatkichlari, Davlat budjeti hamda Davlat investitsiya dasturining asosiy parametrlari bilan bogʻliq holda Jamgʻarma mablagʻlarining kelib tushish va ulardan foydalanish prognozlarini ishlab chiqadi va belgilangan muddatlarda Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengashga taqdim etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
moliyalashtirish shartlari va Jamgʻarma mablagʻlarini qaytarish mexanizmi toʻgʻrisida tijorat banklari bilan imzolanadigan bosh bitimlar asosida har bir tijorat banki uchun har yili belgilanadigan limitlar doirasida moliyalashtirishni amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi va tijorat banklariga berilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan doimiy ravishda monitoring olib boradi hamda kelib tushish manbalari va ulardan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarining hisobini yuritadi;
tijorat banklarida ochilgan hisobvaraqlar va ular boʻyicha amalga oshirilayotgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi har qanday maʼlumotni olish huquqiga ega boʻlgan holda, tijorat banklari va qarz oluvchi korxonalar zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan ularning faoliyatini oʻrganadi.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish boʻyicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshiradi;
Jamgʻarma faoliyatini takomillashtirish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi yoki belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan Jamgʻarma mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini ishonchli boshqarish toʻgʻrisida shartnomalar tuzadi;
Jamgʻarma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
III. Jamgʻarmani boshqarish
11. Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash Jamgʻarmaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
12. Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash:
Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmaning eʼlon qilingan ustav kapitalini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, biroq u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 11-maydagi PF-3751-son Farmonida belgilangan darajadan past boʻlmasligi kerak;
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi PQ-744-sonli qarori asosida uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 52-son, 534-modda)
Jamgʻarmaga mablagʻlar kelib tushishi va ulardan foydalanish prognozlarini koʻrib chiqadi hamda ularni navbatdagi yilga moʻljallangan makroiqtisodiy va pul-kredit koʻrsatkichlarining asosiy parametrlari, Davlat budjeti hamda Davlat investitsiya dasturi bilan bogʻliq holda belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi;
Keyingi tahrirga qarang.
qarz olgan korxonalarni qayta moliyalashtirish (qoʻshma moliyalashtirish) uchun tijorat banklariga Jamgʻarma mablagʻlarini berish muddatlari va shartlari boʻyicha qarorlar qabul qiladi, xalqaro sarmoya bozorlarida amal qilayotgan foiz stavkalaridan kelib chiqib Jamgʻarma tomonidan berilayotgan mablagʻlar boʻyicha foiz stavkalarining aniq miqdorlarini tasdiqlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyati, ayniqsa Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli yoʻnaltirilganligi, tijorat banklariga moliyalashtirishni oʻz vaqtida ochish hamda ularga berilgan mablagʻlarning qaytarilishini taʼminlash ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarma mablagʻlarining ishlatilishi toʻgʻrisida Jamgʻarma ijro etuvchi direktorining hamda qarz olgan korxonalar tomonidan Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi;
Jamgʻarmaga aktivlarni boshqarish, ekspertiza qilish va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni jalb qiladi.
13. Ijro etuvchi direksiya Jamgʻarmaning ijroiya organi hisoblanadi, uning tarkibi va soni oʻrnatilgan tartibda belgilanadi.
14. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
15. Ijro etuvchi direksiya:
Jamgʻarmaga mablagʻlarning kelib tushish va ulardan foydalanish prognozlarini ishlab chiqadi;
qarz oluvchi korxonalarni qayta moliyalashtirish uchun muddatli, toʻlovli va qaytarish shartlari asosida tijorat banklariga moliyaviy mablagʻlarni taqdim etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, tijorat banklariga berilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan tizimli ravishda monitoring olib boradi;
tijorat banklarida ochilgan hisobvaraqlar holati va ular boʻyicha amalga oshirilayotgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi har qanday maʼlumotni olish huquqiga ega boʻlgan holda, qarz oluvchi korxonalar tomonidan Jamgʻarma kreditlari boʻyicha majburiyatlarining bajarilishi masalalari yuzasidan ular faoliyatining monitoringini olib boradi.
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni ishlab chiqadi va Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan maqullangandan soʻng uni belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Hisob palatasiga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi boʻyicha vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
17. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktori:
ijro etuvchi direksiya faoliyatini Jamgʻarma zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarga muvofiq holda tashkil etishga shaxsan masʼuldir;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash bilan kelishgan holda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan belgilangan tartibda tekshiruvlar tashkil qiladi, ularning natijalarini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralarni koʻradi;
qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
18. Jamgʻarma apparati tarkibida tegishli loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha tavsiyalar berishga masʼul boʻlgan yuqori malakali ekspertlar guruhi tashkil qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va tartibi
19. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
respublikaning ayrim strategik resurslari boʻyicha jahon bozorlaridagi qulay narxlar natijasida hosil boʻlib, ortiqcha foydadan olinadigan soliqlar, yer bagʻridan foydalanganlik uchun soliq va aksiz soligʻi tarzida respublika budjetiga rejadan ortiqcha tushadigan mablagʻlar;
har yili Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlash chogʻida Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan qimmatbaho metallarga belgilanadigan chegara narxidan jahon narxining oshishi natijasida tushadigan mablagʻlar;
Hukumatning xorijiy valyutadagi aktivlarining bir qismi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy sheriklar bilan mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlari doirasida mahsulotni sotishdan oladigan daromadlari;
davlat mulkini xorijiy investorlarga chet el valyutasiga sotishda Davlat budjeti daromadlari rejasidan ortiqcha tushadigan mablagʻlar;
Jamgʻarma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan Jamgʻarma mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini joylashtirishdan olinadigan investitsiya daromadlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan bir qatorda, tijorat banklari, xorijiy jamgʻarma va investorlar, shuningdek boshqa manfaatdor idoralar ham boʻlishi mumkin boʻlgan muassislarning badallari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushum va daromadlar.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaraqlarda chet el valyutasida shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Jamgʻarma hisobvaraqlariga mazkur Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan manbalardan tushgan mablagʻlarni ular tushgan kuni amalda boʻlgan Markaziy bankning almashuv kursi boʻyicha chet el valyutasiga konvertatsiya qiladi va Jamgʻarmaning valyuta hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Soliq va toʻlovlarning ayrim turlari boʻyicha mablagʻlarni Jamgʻarma hisobvaragʻiga oʻtkazish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
22. Jamgʻarma mablagʻlari tushumi manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari har yili belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritiladi va Jamgʻarma balansida aks ettiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
23.Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi:
a) avvalo yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati, mashinasozlik, rangli metallurgiya va iqtisodiyotning boshqa bazaviy tarmoqlarida, shuningdek transport va telekommunikatsiya sohasida Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan gʻoyat muhim loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar ishtirokidagi loyihalarda Oʻzbekiston Respublikasi ulushini qoʻshma moliyalashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) birinchi navbatda istiqbolli, ammo yetarlicha rivojlanmagan hududlarda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli milliy davlat dasturlari va loyihalarini, Davlat budjeti va investitsiya dasturining tasdiqlangan parametrlari doirasida, grant asosida moliyalashtirish (qoʻshma moliyalashtirish);
v) tijorat banklari bilan birgalikda qarz oluvchi korxonalarning investitsiya dasturi (biznes-rejalari)ni, shu jumladan ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarish quvvatlarining ishlatilishini koʻpaytirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va uni eksport qilish hajmlarini oshirish hamda qoʻshilgan qiymat oʻsishini taʼminlashga imkoniyat beruvchi loyihalarni qoʻshma moliyalashtirish;
g) Jamgʻarmani boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Mablagʻlarni berish muddati va shartlari Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash qarori bilan belgilanadi. Jamgʻarma tomonidan vakolatli banklarga beriladigan kredit resurslari boʻyicha foiz stavkasi yiliga 6 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanadi.
Tijorat banki marjasining eng yuqori chegarasi Jamgʻarma va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida har bir loyiha boʻyicha alohida belgilanadi.
Ajratilgan mablagʻlarning qaytarilishi tijorat banklari tomonidan kechiktirilgan holatlarda har bir kechiktirilgan kun uchun muddati kechiktirilgan toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik summasining 0,01 foizi miqdorida (qarzga olingan mablagʻlar hajmining 10 foizidan oshmagan holda) penya undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Tijorat banklariga ajratiladigan kredit mablagʻlarining hajmi ularning buyurtmanomalari asosida belgilanadi va ushbu buyurtmanomalarda qarz oluvchi korxonalarning kredit olish uchun tijorat banki tomonidan maʼqullangan loyihalar mablagʻlarining umumiy miqdori aks ettiriladi.
Tijorat banklariga har bir loyiha (modernizatsiya, qayta qurish yoki ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta qurollantirish) uchun beriladigan kredit hajmi loyiha qiymati umumiy miqdorining 75 foizidan oshmasligi kerak.
Qarz oluvchi korxonalar (tashkilotlar)ga kredit berish Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish shartlari, koʻrib chiqish tartibi va ekspertizasi toʻgʻrisidagi Nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi meʼyoriy hujjatlariga muvofiq amalga oshirib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan tijorat banklarining buyurtmanomalarini koʻrib chiqish muddati ariza olingan kundan boshlab 30 kundan oshmasligi lozim. Ushbu muddatda Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tijorat banki tomonidan taklif qilingan loyihani moliyalashtirish toʻgʻrisida ijobiy qaror chiqaradi yoki tijorat bankiga yozma ravishda asoslangan raddiyanoma beradi.
27. Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengashning ijobiy xulosasi qabul qilinganidan soʻng Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi 5 ish kuni mobaynida tijorat banki bilan kredit shartnomasini tuzadi.
Kredit shartnomasida tijorat bankiga berilayotgan kredit resurslarining miqdori, foiz stavkasi va maqsadi (yoʻnaltirish manzili), muddati va shartlari, shuningdek tomonlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiq huquq va burchlari hamda boshqa masalalar aks ettiriladi.
28. Jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlari keyinchalik ularni yuqori likvidli hamda ishonchli xorijiy moliya vositalariga joylashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga ishonchli boshqaruv uchun belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki har chorakda Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengashga Jamgʻarma mablagʻlarini ishonchli boshqarish natijalari, jumladan operatsiyalar boʻyicha daromadlilik, hisobot davrida olingan daromad miqdori, joylashtirilgan Jamgʻarma mablagʻlari portfeli tarkibi, foiz stavkalarining joriy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Jamgʻarmaga mablagʻlar kelib tushishi va ulardan foydalanish prognozini tayyorlash, koʻrib chiqish hamda tasdiqlash
30. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, tijorat banklari va boshqa idoralardan olingan dastlabki maʼlumotlar hamda hisobot davrida oʻtkazilgan tizimli monitoring asosida keyingi kalendar yil uchun Jamgʻarmaga mablagʻlar kelib tushishi va ulardan foydalanish prognozi loyihasini ishlab chiqadi hamda uni Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tasdiqlashi uchun taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Jamgʻarma mablagʻlarining kelib tushishi va ulardan foydalanishning prognoz loyihalarini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Investitsiya dasturining kelgusi yil parametrlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bilan uzviy bogʻliq holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Respublikaning strategik resurslari boʻyicha jahon bozorlaridagi qulay narxlar natijasida hosil boʻladigan prognozdan yuqori tushumlarning pul massasi hajmiga va inflyatsiya darajasiga taʼsirini bartaraf qilish maqsadida Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning yuqori chegarasi asosiy makroiqtisodiy va pul-kredit koʻrsatkichlarining prognoz parametrlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
32. Jamgʻarma mablagʻlari kelib tushishi va ulardan foydalanish prognozlarida umuman prognoz qilinayotgan yil uchun, shu jumladan choraklar boʻyicha quyidagilar aks ettiriladi:
jumladan, har bir manba boʻyicha mablagʻ tushumlarining umumiy hajmi;
ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalarni, qarz oluvchi korxonalarning investitsiya dasturlarini moliyalashtirish, olinayotgan uzoq muddatli kredit va investitsiyalarga xizmat koʻrsatish hamda Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini moliyaviy taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga mablagʻlar ajratib berish boʻyicha sarf-xarajatlar.
VII. Jamgʻarmaning huquq va majburiyatlari
33. Jamgʻarmaning huquqlari:
a) tijorat banklari hamda qarz olgan tashkilotlarda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan tekshiruvlar oʻtkazish;
b) Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli foydalanilishi monitoringini olib borish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarni, jumladan, Jamgʻarma tomonidan ajratilgan mablagʻlar ishlatilishining holati va prognozi toʻgʻrisidagi hamda boshqa maʼlumotlarni tijorat banklaridan olish;
v) loyihalarning birlamchi texnik-iqtisodiy asoslanganligini koʻrib chiqish, shu jumladan Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali foydalanilishi monitoringi hamda tekshiruvini olib borish maqsadida yuqori malakali mustaqil ekspertlar va soha mutaxassislarini jalb qilish.
34. Jamgʻarma majburiyatlari:
a) yuklatilgan vazifalarga muvofiq holda:
Jamgʻarma mablagʻlarini jalb etish va jamlashga qaratilgan ishlarning olib borilishini;
Jamgʻarma mablagʻlarining aniq belgilangan maqsadlarga yoʻnaltirilishini taʼminlash.
b) Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengashga choraklik va yillik hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etish.
VIII. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi uchun javobgarlik va uni nazorat qilish
35. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi zimmasiga Jamgʻarma mablagʻlarining qatʼiyan maqsadli va qonuniy yoʻnaltirilishi, shuningdek buxgalterlik hisobining yuritilishi va Jamgʻarma faoliyati boʻyicha hisobotlarning tuzilishi uchun javobgarlik yuklanadi.
36. Tijorat banklari Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri va maqsadli foydalanish hamda ularni oʻz vaqtida qaytarish uchun masʼuldirlar.
37. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli yoʻnaltirilishi monitoringini doimiy ravishda belgilangan tartibda oʻtkazib boradi.
Tijorat banklari tomonidan Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadga muvofiq boʻlmagan holda foydalanish holatlari aniqlanganda, maqsadga nomuvofiq foydalanilgan mablagʻlarning umumiy hajmi muddatidan oldin undirib olinib, Jamgʻarma hisobvaragʻiga oʻtkaziladi hamda Jamgʻarma va tijorat banki oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan jarima sanksiyalari qoʻllaniladi.
38. Jamgʻarma mablagʻlarining Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi tomonidan qonuniy va qatʼiyan maqsadli yoʻnaltirilishi ustidan nazorat Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan amalga oshiriladi.
39. Jamgʻarmaning har yilgi auditi mustaqil xalqaro auditor tomonidan amalga oshiriladi, Jamgʻarma mablagʻlarining shakllantirilishi va foydalanilishi Oʻzbekiston Respublikasi hisob palatasi tomonidan tekshirib turiladi.
40. Tijorat banklari tomonidan oʻz vaqtida qaytarilmagan Jamgʻarma mablagʻlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
41. Jamgʻarmani qayta tuzish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 171-modda; 2007-y., 52-son, 534-modda; 2008-y., 10-11-son, 57-modda, 52-son, 515-modda; 2009-y., 3-son, 11-modda; 2012-y., 11-son, 114-modda; 2013-y., 36-son, 477-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son; 09.03.2019-y., 07/19/4233/2725-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2023-y., 07/23/397/0948-son; 03.05.2024-y., 06/24/71/0322-son; 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)