ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini joriy qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 10.09.2026 yildagi PF-192-son

Farmonga ko‘ra, 2027 yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish tizimi joriy etiladi. Bunda:
 
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga nisbatan tatbiq etiladi;
 
ushbu nomenklatura asosida maxsus imtihon bilan yoki maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan mutaxassisliklar ro‘yxati tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bemorga tibbiy taʼsir ko‘rsatish darajasidan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
 
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kasbiy faoliyat yuritishni monitoring qilish hamda maʼlumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi Tibbiyot va farmatsevtika sohasi mutaxassislarining yagona elektron reyestri yuritiladi.
 
2030 yilga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mutaxassisligi bo‘yicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda 5 yil muddatga davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Farmonga ko‘ra, 2030 yildan:
 
tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi;
 
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi;
 
tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi;
 
2030-yilga qadar berilgan malaka toifalari ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi hamda ustamalar va lavozimga oid huquqlar tegishli muddat davomida saqlanadi;
 
maxsus imtihon asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan amaldagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari imtihondan o‘ta olmagan taqdirda, 1 yil davomida imtihondan qayta o‘tish sharti bilan vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi hamda shu davr mobaynida ish faoliyatini davom ettiradi;
 
davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha 3 yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga ixtisoslashuv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagandan hamda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng ruxsat beriladi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.