Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan qayta tayyorlash kurslari har yili yilning boshida qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan reja-jadval asosida tashkil etiladi.
Buyurtmachi qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun onlayn tarzda (Institutning rasmiy veb-sayti yoki Edu.tris.uz platformasi orqali) yoki bevosita Institutga ariza bilan yozma murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
qayta tayyorlash kurslarida o‘qish uchun buyurtmachining belgilangan shakl bo‘yicha anketasi;
buyurtmachi xorijiy davlatlarda taʼlim olgan bo‘lsa, xorijiy davlatlarda taʼlim olganligini tasdiqlovchi hujjatning va vakolatli davlat organi tomonidan berilgan taʼlim to‘g‘risidagi hujjatning tan olingani yoki ekvivalentligi qayd etilgan guvohnoma nusxasi;
ish joyidan tavsifnoma.
Arizalar 2 kun muddatda ko‘rib chiqilib, buyurtmachi bilan qonunchilikda belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtiriladi.
Institutda qayta tayyorlash kurslari tinglovchining asosiy ish joyidan ajralgan yoki ajralmagan holda qayta tayyorlash shakllarida (anʼanaviy, masofaviy) tashkil etiladi.