Farmonga ko‘ra, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda avans to‘lovi 15 foiz miqdorida va uni to‘lash muddati 30 kalendar kun etib belgilanadi hamda qolgan summani qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Sotib olish to‘lovlari BHMining 23 000 baravaridan yuqori elektron onlayn auksion, tanlov va birja savdolarida sotilgan davlat aktivlari hamda BHMning 8 000 baravaridan yuqori qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha:
100 foiz to‘lovni 6 oy davomida to‘lagan xaridorga jami summaga nisbatan 25 foiz chegirma qo‘llash;
50 foiz to‘lovni 6 oy davomida to‘lagan xaridorga qolgan summani foizsiz 7 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
35 foiz to‘lovni 3 oy davomida to‘lagan xaridorga qolgan summani foizsiz 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Davlat aktivlari uchun to‘lovning kamida 50 foizini to‘lagan xaridorlarga ularni rekonstruksiya qilish (yangidan qurish uchun buzish) va taʼmirlash huquqi beriladi.
Davlat aktivlari ochiq elektron onlayn auksion va birja savdolarida 3 oy davomida sotilmaganda ularning boshlang‘ich narxi qoldiq (balans) qiymati yoki sof aktivlari miqdoridan qatʼi nazar 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi.
Davlat aktivlari 2 oy davomida sotilmaganda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ularni lotlarga bo‘lgan yoki birlashtirgan holda qayta savdoga chiqarish vakolati beriladi.
Farmonga ko‘ra, muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yo‘li bilan davlat mulkini xususiylashtirish jarayoni boshlangan davlat ishtirokidagi korxona bo‘yicha narx taklifi kelib tushgandan keyin uning sof foydasi (baholashda inobatga olingan bo‘lsa) korxona ixtiyorida qoldiriladi.
Davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotishda:
elektron onlayn auksion savdolarida auksion qadami auksion obyektining boshlang‘ich narxining 1 foizi miqdorida belgilanadi;
takroriy savdolarda faqat 1 nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda eʼlon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;
elektron onlayn auksion va tanlov savdosini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomani eʼlon qilish muddati 30 kundan 15 kunga, takroriy savdolarda - 10 kundan 5 kunga qisqartiriladi.
Davlat aktivlari 3 oy davomida sotilmaganda, ularni elektron onlayn auksion va tanlov savdolarida gibrid auksion (anglo-golland modeli) asosida realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.
Bunda takroriy auksion savdolari mol-mulkning boshlang‘ich bahosidan boshlanib, savdo jarayonida dastlab narxni bosqichma-bosqich 2 foizdan pasaytirib borish tartibida, keyinchalik mulkni sotib olish taklifi bildirilganda taklif bildirilgan narxdan boshlab oshirib borish tartibida o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, 2030 yil 1 yanvarga qadar:
qarzdorlik evaziga tijorat banklari balansiga olingan va ular muassisligidagi investitsiya kompaniyalari balansidagi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olayotgan xaridorlar, shuningdek, balansga qabul qilayotgan banklar va ular muassisligidagi investitsiya kompaniyalari ushbu ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod etiladi;
bunda tijorat banklari mulkni balansga qabul qilgan sanadan 6 oy muddatga, investitsiya kompaniyalari mulkni balansga qabul qilgan sanadan o‘n ikki oy muddatga, xaridorlar mulkni to‘liq summasini to‘lab sotib olganda 12 oy muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod etiladi;
mol-mulklar qarzdorlik evaziga undan voz kechish haqidagi shartnomaga asosan tijorat bankiga ixtiyoriy topshirilganda mulk egasi bo‘lgan yuridik shaxs QQS to‘lashdan ozod etiladi;
tijorat banklari balansidagi qarzdorlik evaziga olingan mol-mulkni 1 yildan ortiq muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishda QQS mol-mulkning sotish qiymati bilan balans qiymati o‘rtasidagi ijobiy farqqa nisbatan hisoblanadi.
Qarzdorlikning suddan tashqari tartibda undiruvini rag‘batlantirish maqsadida qarzdorlik evaziga mol-mulkdan ixtiyoriy voz kechish haqidagi shartnoma doirasida:
davlat ishtirokidagi bankka berilgan mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga, shu jumladan, kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotishga ruxsat etiladi;
garovda turgan mol-mulklar bankka berilayotganda soliq idoralari va Majburiy ijro byurosida soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi yuzasidan mavjud taqiqlarni istisno qilgan holda notarial bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha notariuslarga va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha Kadastr agentligiga vakolat beriladi.
Davlat ishtirokidagi banklarning Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirgan mulklari (ulushlari) 1 yil muddatda sotilmagan taqdirda, ushbu mulklar (ulushlar) banklarning so‘roviga asosan ularga qaytarib beriladi.
Farmonga ko‘ra, hududlarda, shu jumladan, olis joylardagi boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham 3 oydan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk va ijara huquqi:
ochiq elektron auksion savdolari orqali tegishli loyihani amalga oshirish sharti bilan yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Bunda auksion savdosida 1 nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda ham yer uchastkasi uning ustav kapitaliga eʼlon qilingan narxda kiritiladi va shakllangan ulush keyinchalik ushbu yuridik shaxsning o‘ziga sotib olish uchun taklif etiladi.
Davlat ko‘chmas mulk obyektlari xususiylashtirilganda ularga biriktirilgan yer uchastkalariga nisbatan sotilgunga qadar bo‘lgan huquqlar (umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish va ijara huquqi) ularni xususiylashtirib olgan subyektlar uchun amaldagi tartibda saqlanib qoladi.
Bunda yer uchastkalari bo‘yicha ijara shartnomalarini qayta tuzish talab etilmaydi.
Yer uchastkalarini hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi kelishuvidan o‘tkazgan va qurilishga bo‘lgan barcha ruxsatnoma hujjatlarini olgan holda "tayyor paket" usulida savdoga chiqarishni tashkil etishga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular muassisligidagi investitsiya kompaniyalari masʼul hisoblanadi.
Bunda:
"tayyor paket" ishlab chiqish uchun xizmat haqi xarajatlarini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplashga ruxsat etiladi;
yer uchastkasi uning boshlang‘ich narxiga "tayyor paket"ni ishlab chiqish xarajatlari qo‘shilgan holda auksionga chiqariladi va keyinchalik xarajatlar yer uchastkasini sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
yer uchastkalari ustuvor ravishda master rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlangan hududlardan tanlanadi.
Farmonga ko‘ra, xususiylashtirish subyektlariga tegishli yer uchastkasining bir qismi yo‘lning hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining muhofaza zonasi hududida joylashganda, uning muhofaza zonasiga tushmagan qismini xususiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklari tumanlarda tadbirkorlar uchun sunʼiy intellekt yordamida "loyihalar fabrikasi" tamoyilida loyihalarni ustuvor ravishda savdodagi davlat mulki obyektlari va yer uchastkalari negizida amalga oshirishni taklif etadi.
2026 yil 1 oktyabrdan ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav kapitalida ushbu yuridik shaxslarning ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.
Raqobat muhiti shakllangan sohalarda Davlat byudjetidan moliyalashtirish manbasiga ega bo‘lmagan davlat muassasalarini (mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq muassasalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) tashkil etish taqiqlanadi.
Tijorat faoliyatini amalga oshiradigan davlat muassasalari (boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki tijoratchilikdan iborat bo‘lmagan boshqa vazifalarni amalga oshiradigan davlat muassasalari bundan mustasno) 2026 yil 1 dekabrga qadar xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar tizimidagi muassasa shaklidagi nosohaviy tashkilotlar davlat ishtirokidagi korxonalar tarkibidan chiqariladi, xo‘jalik jamiyatlariga aylantirilgan holda ommaviy savdolarga chiqariladi.