ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 04.09.2026 yildagi 462-son

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
 
Nizomga ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.
 
Davlat yordami quyidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun berilishi mumkin:
 
respublika hududlari yoki alohida tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini oshirish;
 
fuqarolar bandligini taʼminlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
 
atrof-muhitni muhofaza qilish va respublikada ekologik holatni yaxshilash va boshqalar.
 
Vakolatli organ tomonidan davlat yordami berilishida uning raqobatga taʼsiri baholanadi.
 
Vakolatli organga xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun har qanday turdagi davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tartibga solish taʼsirini baholash (TSTB) hisoboti ularning raqobatga taʼsirini baholash uchun kiritiladi.

Vakolatli organ tomonidan davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashdan o‘tkazish va xulosa olish uchun kiritilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
 
Ko‘rib chiqilishi natijasiga ko‘ra loyihaning maqsadga muvofiqligi, uni qayta ko‘rib chiqish lozimligi yoki maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa rasmiylashtiriladi va ishlab chiquvchiga taqdim etiladi.