ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 04.09.2026 yildagi PQ-314-son

Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘linmalarining faoliyati quyidagi ustuvor ishlash mexanizmlari asosida yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi:
 
xizmat yo‘nalishi va xizmat o‘tash hududidan qatʼiy nazar fuqarolarning murojaatlari va xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish;
 
aholi bilan bevosita yaqindan va ochiq muloqotga kirishish hamda ularning huquqbuzarlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarini hal etishda ko‘maklashish;
 
bevosita joylarning o‘zida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan kunlik asosda manzilli profilaktik ishlarni yo‘lga qo‘yish.
 
Profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
 
Profilaktika inspektorlariga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar beriladi:
 
ko‘rib chiqish vakolati doirasidagi birinchi marotaba sodir etilayotgan 17 turdagi kam ahamiyatli maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha maʼmuriy ogohlantirish jazosini qo‘llash;
 
yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy jazo qo‘llash;
 
tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining vakolatidagi 9 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va maʼmuriy jazo qo‘llash.

Qarorga ko‘ra, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va aholi bilan yaqindan ishlash bo‘yicha huquqbuzarliklar profilaktikasini manzilli tashkil etishda quyidagi tartib o‘rnatiladi:
 
profilaktika inspektori kasbiy faoliyatining ustuvor maqsadi unga nisbatan aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish hamda xizmat joyida jinoyatchilikni jilovlash etib belgilanadi;
 
profilaktika inspektorlariga ularning kasbiy faoliyatiga doir vazifalardan tashqari qo‘shimcha vazifalar belgilanishi, shuningdek, bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshliq bo‘lmagan boshqa rahbarlar tomonidan topshiriq va ko‘rsatmalar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

aholi tomonidan ovoz berish tartibida profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish tizimi joriy etiladi hamda natijada unga nisbatan ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatishgacha bo‘lgan jazo chorasi qo‘llanilishiga asoslar yaratiladi;
 
sudlar tomonidan profilaktika inspektorlarining elektron shaklda yuritilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlari bo‘yicha zaruratsiz qo‘shimcha ravishda qog‘oz shaklidagi hujjatlarni talab etishga oid amaliyot bekor qilinadi.
 
Profilaktika inspektorining xizmat joyidagi kasbiy faoliyati natijadorligini baholash quyidagi ustuvor mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi:
 
aholining profilaktika inspektoriga ishonchi darajasi;
 
xavf guruhiga kiruvchi shaxslar tomonidan (aholining huquqbuzarliklar sodir etishga moyil toifasi) yoki ularga nisbatan (huquqbuzarlikdan jabrlanish xavfi bo‘lgan toifasi) jinoyat sodir etilishi darajasi;
 
shaxslar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklarni qayta sodir etish darajasi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan:
 
patrullik yo‘nalishida bo‘lgan ichki ishlar organlari patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari naryadlari tomonidan “112” tizimi orqali kelib tushgan, nafaqat jamoat joylarida, balki aholi yashash xonadonlarida sodir etilgan jinoyat va hodisalar to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha ham tezkorlik bilan yetib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
 
24/7 rejimdagi gastronomik ko‘chalarda jamoat tartibini saqlash ichki ishlar organlari va hududiy hokimliklar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;
 
ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarga nisbatan kelgusi ommaviy tadbirlarga kirishiga vaqtincha cheklov qo‘yiladi.
 
“Har xil vazifalar – yagona vakolat” tamoyili asosida quyidagi tartib o‘rnatiladi:
 
yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga doir quyidagi ayrim funksiya va vakolatlar ichki ishlar organlarining patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga ham beriladi:
 
yo‘nalishdagi chorrahalar, bozorlar, yirik savdo majmualari, taʼlim muassasalari atroflari hamda markaziy ko‘chalarida yuzaga keladigan tirbandliklarni bartaraf etish;
 
yo‘llarda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarga darhol munosabat bildirish, ularning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish;
 
jamoat tartibini saqlashga doir quyidagi ayrim funksiya va vakolatlar ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul xizmatiga ham beriladi:
 
ko‘cha va jamoat joylarida sodir etiladigan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarga chek qo‘yish, ularni sodir etayotgan shaxslarni taʼqib qilish, ushlash hamda ichki ishlar organlariga olib borish;
 
belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish hamda jamoat joyida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish bilan bog‘liq maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va maʼmuriy jazo qo‘llash.