ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 27.08.2026 yildagi PF-176-son

Farmonga ko‘ra, tadbirkorlarga eksport operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishi taʼminlanmagan hollarda yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishga ruxsat berish bo‘yicha 2027 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan muddatga 1 martalik umumdavlat aksiyasi eʼlon qilinadi.
 
Aksiya:
 
ushbu Farmon kuchga kirgan sanaga qadar tashqi savdo shartnomasi bo‘yicha tovarlar, ishlar yoki xizmatlar amalda eksport qilingan, biroq xorijiy kontragent tomonidan to‘lov belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganligi sababli yuzaga kelgan va “E-kontrakt” tashqi savdo axborot tizimida muddati o‘tgan sifatida qayd etilgan debitor qarzdorliklarga nisbatan tatbiq etiladi;
 
ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ustav kapitalida ushbu tashkilotlar ulushi 50 foiz
va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
 
2027 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi holatlarning hech bo‘lmaganda bittasi mavjud bo‘lgan taqdirda, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun jarima miqdori sud tomonidan 2 baravarga kamaytiriladi:
 
rezidentning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlash bo‘yicha vijdonan harakat qilgan holda o‘ziga bog‘liq barcha choralarni, shu jumladan sud, arbitraj yoki boshqa majburiy undiruv vositasi orqali
o‘z huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rganligi;
 
tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning 50 foizdan ortiq qismi repatriatsiya qilinishi taʼminlanganligi;
 
tashqi savdo shartnomasi bo‘yicha xorijiy hamkor joylashgan yoki to‘lov amalga oshiriladigan davlatda yuzaga kelgan hammaga maʼlum bo‘lgan xalqaro sanksiyalar, bank va to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki valyuta operatsiyalariga oid taqiqlar sababli aktivlarni repatriatsiya qilish imkoniyati cheklanganligi.