ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 07.07.2026 yildagi PQ-252-son

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 noyabrdan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi (Milliy qo‘mita) tomonidan master rejalarning yagona elektron reyestri yuritiladi va ularning raqamlashtirilgan nusxalari Milliy qo‘mitada saqlanadi.
 
Bunda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan master rejalarni amalga oshirishga, shuningdek, ular asosida shaharsozlik, qurilish, investitsiya va boshqa faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
Aholi punktining bosh rejasi tasdiqlangan kundan boshlab 3 oy muddatda bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dastur (Kompleks dastur) ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Bunda:
 
Kompleks dastur 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan holda ishlab chiqiladi;
 
Kompleks dasturda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari va muddatlari aniq ko‘rsatib o‘tiladi;
 
Kompleks dasturning bajarilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar kengashlarining majlislarida ko‘rib chiqilishi hamda ommaviy axborot vositalarida yoritilishi lozim;
 
Bosh rejalari mavjud bo‘lmagan yoki ishlab chiqilganiga 10 yil va undan ortiq muddat bo‘lgan aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishi respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, qurilish bosqichlarini kuzatib borish maqsadida “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida (“Uy-joy” AAT) shakllanadigan va “Shaffof qurilish” tizimi bilan integratsiya qilinadigan Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, Loyihaning raqamli pasporti va Kapital qurilish obyekti raqamli pasporti joriy etiladi.
 
2026 yil 1 oktyabrdan Yagona identifikatorda identifikatsiya raqami olmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
 
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi.
 
Milliy qo‘mita huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki tashkil etiladi.
 
Milliy qo‘mitaning shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholi punktlari bo‘yicha dasturi – “UN-Habitat” ( “UN-Habitat” dasturi) bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi.