Farmonga ko‘ra, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar (ijodiy birlashmalar) tashkil etiladi.
Ijodiy birlashmalarning ijodiy rahbarlari va ularga tashkiliy masalalarni hal etishda ko‘maklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
Ijodiy rahbar o‘z yo‘nalishida yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishga masʼul hisoblanadi.
2027 yildan ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisoboti shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi o‘tkaziladi hamda unda ijodiy birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:
ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi;
1 yil davomida har oyda 5 mln so‘m miqdorida gonorar to‘lanadi;
3 yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi, bunda tashish xarajatlari bo‘yicha olinmay qolgan daromadlar keyinchalik har oyda qoplab beriladi;
davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati to‘liq qoplanadi.
Farmonga ko‘ra, Madaniyat vazirligi huzurida “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi (Jamg‘arma) tashkil etiladi.
2026 yil 1-iyuldan Jamg‘arma hisobidan eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yildan har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘rtasida tuman – viloyat – respublika darajasida tanlovlarni o‘tkazib borish yo‘lga quyiladi. Bunda:
har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika darajasidagi tanlovda g‘olib deb topilgan umumiy o‘rta taʼlim muassasasiga Jamg‘arma hisobidan 500 mln so‘mdan grant beriladi;
respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va sanʼat yo‘nalishlari bo‘yicha davlat taʼlim tashkilotlariga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi.
2026 yil 1-iyuldan O‘zbekiston fuqarolariga milliy cholg‘u asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.