ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 19.01.2026 yildagi PQ-14-son

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sunʼiy intellekt asosidagi “Aqlli” migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Bunda:

dastlabki bosqichda “Aqlli” migratsiya shoxobchalarida belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi;

Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari kengaytirib boriladi.

2026 yil 1 maydan Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalari amal qilish muddatini 1 marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.

Chet el fuqarolariga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati Departament va uning hududiy boshqarmalariga ham beriladi.

2026 yil 1 sentyabrdan talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabalarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID kartalar 1-marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi.

Departament jismoniy shaxslarning quyidagi markaziy maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi:

chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzili to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

identifikatsiyalovchi ID karta seriyasi, raqami, berilgan joyi hamda berilgan sanasi va tugash sanasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

O‘zbekistonga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar haqidagi, shuningdek, ularning viza muddati uzaytirilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar.

2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi davlat xizmatlarini YAIDXP va davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi:

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini O‘zbekistonga taklif qilish;

fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ariza yuborish.