ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 01.12.2025 yildagi PQ-365-son

Qarorga ko‘ra, quyidagilar qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish doirasidagi asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:

ishlab chiqarish hajmini 62 trln so‘mga yetkazish;

qurilish sanoati korxonalarining eksport salohiyatini oshirish va eksport hajmini 1,5 mlrd AQSH dollariga yetkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish;

ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda qurilishda ulardan foydalanishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish.

Qarorga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillarining Afg‘oniston hududiga “Termiz” avtoyo‘l o‘tkazish punkti orqali

Davlat chegarasidan xavfsiz o‘tib qaytishlarini taʼminlaydi.

2026 yil 1 iyuldan shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda ularning qurilishda foydalaniladigan qurilish materiallari hajmining kamida 25 foizini ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari tashkil etishiga oid talabni tekshirish amaliyoti joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan:

qurilish materiallari sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar uchun belgilangan tartibda xorijiy ilmiy stajirovka tanlovi eʼlon qilinadi;

2026–2028 yillar uchun umumiy moliyalashtirish hajmi 30 mlrd so‘mlik ilmiy loyihalar tanlovlari eʼlon qilinadi.

2026 yil 1 martdan:

“Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi doirasida xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilarining elektron reyestri yuritiladi;

elektron reyestr maʼlumotlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilish obyektlarida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari natijalarida olinadigan maʼlumotlarni integratsiya qilish orqali shakllantiriladi;

“Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlaridagi qurilish materiallarining elektron reyestrida ishlab chiqargan qurilish materiallarining xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan:

buyurtmachilar va ishlab chiqaruvchilarga tegishliligi bo‘yicha qurilish obyekti va ishlab chiqarish korxonalarida xavfliligi aniqlangan, muomaladan chiqarishga majburiy ko‘rsatma berilgan qurilish materiallarini qurilish chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar yoki chiqindi poligonlariga shartnoma doirasida yuborish majburiyati yuklanadi;

Qurilish nazorati inspeksiyasi va Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan mazkur majburiyatni bajarishni talab qilish bo‘yicha beriladigan majburiy ko‘rsatmalar Ekologiya qo‘mitasining Situatsion markaziga integratsiya qilinadi.