Farmonga ko'ra, quyidagilar yuridik ta'lim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:
yuridik ta'lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030-yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo'yicha yuqori 1 000 talik universitetlar ro'yxatiga kirishini ta'minlash.
2026/2027-o'quv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy o'qitish hamda klinik va dual ta'lim tamoyili asosida ta'lim olish tizimi joriy etiladi.
Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta'lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o'tkaziladi.
2027/2028-o'quv yilidan “YUrisprudensiya” yo'nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta'lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o'qitish hamda klinik va dual ta'lim tamoyili asosida ta'lim olish tizimi yo'lga qo'yiladi.
Farmonga ko'ra, Universitetda ta'lim – tadqiqot – amaliyot integrasiyasini ta'minlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karyera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida sho'balar tashkil etiladi.
Tadqiqot markazlari fakultetlar yo'nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo'ladi, huquqni qo'llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.
Shuningdek, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.
Ular 2 o'quv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.
Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o'rinbosarlari hisoblanadi.
Sho'balar professor-o'qituvchilar tarkibidan iborat bo'lib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.
Farmonga ko'ra, Universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
2026/2027-o'quv yilidan:
Universitetda sun'iy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron ta'lim platformasida:
talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi;
yakuniy nazorat ishlarini sun'iy intellekt tomonidan baholash yo'lga qo'yilib, inson omili cheklanadi;
Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro ta'lim yo'nalishi joriy etiladi. Bunda:
mazkur yo'nalishga o'qishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida o'tkaziladi;
tanlovda chet tillari bo'yicha B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi;
o'quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.