ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 08.10.2025 yildagi PQ-298-son

Qarorga ko‘ra, alohida tuman (shahar) va mahallalar namunali hududga aylantiriladi.

“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” loyihasi doirasida har yili quyidagilar amalga oshiriladi, jumladan:

kamida 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida investitsiyalarni jalb qilgan holda oziq-ovqat, mebelchilik, qurilish materiallari, tikuvchilik va boshqa ixtisoslashgan yo‘nalishlarda kamida 10 tadan yirik investitsiya loyihalari ishga tushiriladi;

ilgari o‘z mahsuloti bilan tashqi bozorlarga chiqmagan kamida 3–5 tadan korxona eksport faoliyatiga jalb qilinadi;

xorijiy davlatlardan texnolog, marketolog, brend-menejer kabi mutaxassislarni jalb qilgan holda kamida 1 ta korxonada milliy brend mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi;

10 nafardan tadbirkorlar xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ixtisoslashgan sanoat ko‘rgazmalariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

“Yashil” va energiya samarador hududlarni rivojlantirish doirasida:

2026 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorlik tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi;

2027 yil 1 yanvarga qadar davlat idoralari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ijtimoiy soha muassasalari energiya samarador uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi.

2026 yil 1 martdan boshlab bittadan ijtimoiy soha muassasasi binolarini “Nol energiya sarfli binolar” konsepsiyasi asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot loyihalar boshlanadi.