Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
2028 yilgacha YAIDXP (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish;
proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlarini 74 taga yetkazish.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali quyidagilar bekor qilinadi, jumladan:
nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi;
nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi;
avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi. Bunda:
jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir maʼlumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi;
ushbu maʼlumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur maʼlumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan:
davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda pensioner, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi;
jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi;
davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Vakolat.uz” platformasi ishga tushiriladi:
davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish bo‘yicha boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish;
yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish;
barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish.
“Vakolat.uz” platformasidan bepul asosda foydalanish.
2026 yil 1 yanvardan Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida yuritiladi.
Bunda har bir davlat xizmati bo‘yicha uning raqamli pasporti shakllantiriladi hamda har bir davlat xizmatini Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritish normativ-huquqiy hujjat asosida amalga oshiriladi.