ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 07.07.2025 yildagi PF-110-son

Farmonga muvofiq:

1) Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish tartibini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

a) 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 35 foizga qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi majburiyatining to‘liq bajarilishini taʼminlash;

b) respublikaning issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda xalqaro uglerod birliklari bozoriga chiqishini taʼminlash orqali investitsiyalarni jalb etish;

2) Parij bitimining 6-moddasiga muvofiq xalqaro uglerod birliklari, shuningdek, xalqaro yumshatish natijalari shaklidagi uglerod birliklari (ITMO) (uglerod birliklari (ITMO) bozorida ishtirok etish tartibi joriy etildi;

3) Uglerod birliklarini O‘zbekiston belgilangan hissasi (NDC) doirasida qamrab olingan va issiqxona gazlari xatlovida aks ettirilgan faoliyatlar turlariga muvofiq ishlab chiqarishga ruxsat berilishi belgilandi;

4) Uglerod birliklari bilan bog‘liq operatsiyalar hisobini yuritish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Milliy uglerod birliklari reyestri orqali amalga oshirilishi belgilandi;

5) Quyidagilar:

a) “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashga (Kengash) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

uglerod birliklari (ITMO) savdosida Parij bitimining 6-moddasi bilan belgilangan qoidalarga rioya etilishini taʼminlash choralarini ko‘rish;

davlat ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan uglerod birliklari (ITMO) savdosining yillik va loyihalar kesimida hajmini belgilash nazarda tutildi.