ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 15.05.2025 yildagi PQ-184-son

Qarorga ko‘ra, 2030 yilda quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish belgilandi, jumladan:

3,3 mln nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatning shakllanishi;

4,2 mln nafar umumiy o‘rta taʼlim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik taʼlim-tarbiyaning mustahkamlanishi, ekologik madaniyatning yuksalishi.

Qaror bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiya 2027 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har 2 yil muddatga tasdiqlanadigan alohida “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, “Ekolog olimlar hamjamiyati” nodavlat notijorat tashkiloti taʼsis etiladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 avgustdan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi inspektorlari quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etish tartibida amalga oshiradi:

yuridik shaxslarning o‘z hududida bino, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo‘q qilish;

o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish;

yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi maʼlumotlari bazalarining jamoatchilik uchun ochiqligini taʼminlaydi hamda ularda quyidagi maʼlumotlarni joylashtirib boradi, jumladan:

har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida;

daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida;

suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida.

2025 yildan har yili quyidagilar amalga oshirib boriladi:

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati;

har oyda 1 marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari.

Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalari talabalari tomonidan O‘zbekiston ekovolontyor talabalari harakati tashkil etiladi.