ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 04.03.2025 yildagi PF-41-son

Farmonga ko‘ra, 2025 yilda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

maxsus iqtisodiy zonalarda 2,3 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 4,3 milliard AQSH dollariga teng miqdorda taʼminlash va 12 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish;

sanoat zonalarida 800 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 512,2 million AQSH dollariga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 
1,8 milliard AQSH dollariga teng miqdorda taʼminlash va 17 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish.

Yangi barpo etiladigan ixtisoslashtirilgan zonalar faqat maxsus iqtisodiy zona yoki sanoat zonasi shaklida tashkil etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati bo‘yicha faqat eksportga yo‘naltirilgan loyihalarga ixtisoslashgan, maydoni o‘ralgan maxsus eksport zonasi turida ham tashkil etilishi mumkin.

Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatish muddatiga oid cheklovlar bekor qilinadi.

Farmonga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi hamda xususiy boshqaruvga berilgan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Sanoat zonalari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan boshqariladi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ularning faoliyati muvofiqlashtiriladi.

Namangan viloyatida “Namangan” maxsus eksport zonasi tashkil etiladi.

2025 yil 1 iyundan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini to‘lamagan holda “tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2028 yil 1 yanvargacha maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning bir foizi miqdorida ular tomonidan ijaraga berilgan yer maydonlari uchun to‘lovni amalga oshirishi belgilandi.