ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 02.12.2024 yildagi PF-201-son

Farmonga muvofiq:

1) Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining (Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda ro‘yobga chiqarish, ularning jismoniy, intellektual, maʼnaviy hamda axloqiy jihatdan kamol topishiga, qobiliyati va isteʼdodini to‘liq namoyon etishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;

bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida bajarilayotgan ishlarni tizimli tahlil qilish, baholash va samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ijtimoiy yetimlikning oldini olish va bolalarning ustuvor ravishda oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishini taʼminlash maqsadida bolalarni oilaga tarbiyaga berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va tarbiyaga berish tizimining samaradorligini tahlil qilish hamda ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish;

sifatli taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish, bolalarga chuqur bilim berish, ularning bilim, malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam tahlil qilib borish hamda taʼlim olishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan taʼsirchan choralarni belgilash;

“Xavfsiz maktab” tizimi keng joriy etilishiga qaratilgan va maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilishi holatini tahlil qilib borish va boshqalar;

2) Quyidagilar:

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va hududiy komissiyalarning ishchi organi vazifasini bajaradi.

bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan har chorakda kamida bir marta yig‘ilish o‘tkazadi;

bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan takliflari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;

bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z yig‘ilishlarida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komissiya faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha axborotlarini eshitib boradi, shuningdek, vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb qiladi;

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublika Milliy markazi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablari bo‘yicha BMTga taqdim etish uchun tayyorlangan hisobot hamda BMT ustav va shartnomaviy organlarining ushbu hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha berilgan taklif va tavsiyalari Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi va yakuni bo‘yicha tegishli tavsiyalar beriladi;

bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning ishchi organlari o‘rtasidagi vazifalar taqsimoti tegishli komissiya raisi tomonidan belgilanadi.