Qonun bilan "Taʼlim to‘g‘risida"gi Qonunga maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, maʼrifiy faoliyat shaxsning shaxsiy, intellektual va maʼnaviy jihatdan kamol topishi, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy faoliyatini namoyon etish, individual salohiyatini, imkoniyatlarini, muloqot qilish qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikmalar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan, davlat taʼlim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi.
Maʼrifiy faoliyat vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahallalar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda maʼrifiy faoliyatni bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirish yoxud maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.