ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 26.08.2024 yildagi PF-124-son

Farmonga ko‘ra, quyidagilar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yana-da oshirish;

jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini ko‘zlagan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yana-da rivojlantirish;

taʼsirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini rag‘batlantirish;

fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish;

fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.

Farmonga ko‘ra, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda uning hududlarda bo‘linmalari tashkil etiladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar aʼzolariga beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalarining soliq solinmaydigan miqdorini 15 million so‘mdan BHMning 100 baravarigacha (34 mln so‘mgacha) oshiriladi.

2025 yil 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdorini 2 baravarga kamaytirilgan holda undiriladi.

Har yili vazirlik va idoralar fuqarolik jamiyati institutlariga ijtimoiy buyurtma berish bo‘yicha tanlovlar tashkil etadi.

Har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazib boriladi.

Har ikki yilda Fond tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti taʼsis etiladi.

“Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida nominatsiya tashkil etiladi.

2024 yil 1 oktyabrdan fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.