Qonunga ko‘ra, probatsiya – muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash tarzidagi jazolarning ijro etilishini taʼminlashga, mahkumlarga ijtimoiy-huquqiy va tarbiyaviy taʼsir ko‘rsatishga, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi probatsiyani amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishini taʼminlaydi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining probatsiya xizmati probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatli organdir.
Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi subyektlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
mehnat organlari;
davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari;
taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va taʼlim tashkilotlari;
Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari.
Shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi yoki qarori, shuningdek amnistiya akti yoxud afv etish asos bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra, shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.
Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotganligi to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida qo‘llaniladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga tarbiyaviy taʼsir ko‘rsatish ularda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini va jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori belgilangan mezonlar asosida har 3 oyda baholanadi va ularning ijtimoiy-psixologik qiyofalarida aks ettiriladi.