Yer kodeksiga hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari 10 yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bundan tashqari Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni 10 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritildi.
Ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalariga maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlar berildi.