ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 14.02.2024 yildagi O‘RQ-907-son

9 ta bob, 45 ta moddadan iborat.

1) Qonunning maqsadi:

Davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2) Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi davlat mulkini xususiylashtirish ushbu Qonun va mulk joylashgan davlatning qonunchiligi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.

3) Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

davlat ko‘chmas mulk obyektlari — davlatga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mulkiy majmualar (korxonalar), binolar va inshootlar, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlar;

davlat mulkini xususiylashtirish — davlat mulkini ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarga realizatsiya qilish;

ishtirokchi — ommaviy savdolarda ishtirok etuvchi talabgor yoki uning vakolatli vakili;

professional maslahatchi — xususiylashtiriladigan davlat mulkini xususiylashtirish jarayoniga tayyorlashni va sotishni, shuningdek u bilan bog‘liq bitimlar tuzishni tashkil etish maqsadida jalb qilinadigan, turli yo‘nalishdagi maslahat xizmatlari, shu jumladan moliyaviy, investitsiyaviy, iqtisodiy va (yoki) yuridik masalalar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan yuridik yoki jismoniy shaxs (shu jumladan chet el yuridik yoki jismoniy shaxsi);

talabgor — xususiylashtiriladigan davlat mulki bo‘yicha ommaviy savdolarda ishtirok etish uchun ariza bergan jismoniy yoki nodavlat yuridik shaxs.

4) Davlat mulkini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

ochiqlik va shaffoflik;

hisobdorlik;

teng raqobat muhitini taʼminlash;

korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik.

5) Xususiylashtiriladigan davlat mulki obyektlari quyidagilardan iborat:

davlat ko‘chmas mulk obyektlari;

davlat ulushlari (aksiyalari, ulushlari);

6) Vakolatli davlat organi va (yoki) uning hududiy boshqarmalari hamda xaridorlar davlat mulkini xususiylashtirish subyektlaridir.

Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishi qonunchilikka muvofiq taqiqlangan shaxslar, shuningdek ishtirok etishi insofsiz raqobatga olib kelishi mumkin bo‘lgan talabgorlar va ularga nisbatan affillangan shaxslar davlat mulki xususiylashtirilayotganda talabgor bo‘lishi mumkin emas.