ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Yoʻl harakati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 19.01.2024 yildagi O‘RQ-900-son

Qonun bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport egalarining yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida belgilandi.

Yo‘l qaysi korxona, muassasa, tashkilot yoki jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘shalar yo‘l egasi hisoblanadi.

Yo‘l egasi yo‘llarni qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olish va tasdiqlashda, shuningdek taʼmirlash ishlarini tashkil etishda ishtirok etish huquqiga ega.

Transportni o‘z xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, shu jumladan transportning mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi bo‘lmaydi.

Transport egalari:

texnik jihatdan soz transportdan foydalanishi;
transportning tegishli malakaga ega va tibbiy ko‘rikdan o‘tgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ijozat berishi;
transportdan foydalanish chog‘ida boshqa shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirishi;
transportning alkogoldan mast holatda yoki psixoaktiv moddalar taʼsiri ostida yoxud o‘ta charchoq holatda bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Qonunga ko‘ra, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:

ish beruvchidan harakatlanish yo‘nalishi, tashiladigan yuk haqida, o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun mavjud bo‘lgan tahdid to‘g‘risida, zararli va (yoki) xavfli omillar taʼsiridan o‘zining himoya qilinishiga doir chora-tadbirlar haqida ishonchli axborot olish;

shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanish;

yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha shart-sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;

o‘z hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan vaziyatda, tashishni rad etish;

yo‘l harakati xavfsizligi sohasida malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tish;

mehnat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi;

ish beruvchining yo‘l harakati sohasidagi g‘ayrihuquqiy qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.

Qonunga ko‘ra, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki taʼmirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan 50 foizi o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin.

Yo‘l uchastkalarida qatnov qismining 50 foizidan ko‘prog‘ini yopish zarur bo‘lgan taqdirda mazkur yo‘l uchastkalarini aylanib o‘tish taʼminlanishi kerak.