ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 19.01.2024 yildagi O‘RQ-899-son

Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, quyidagilarga nisbatan javobgarlik belgilandi:

Mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, xuddi shuningdek ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinadi.

Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratish huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, 5 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish, kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra:

 Endilikda jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, egallab olish yoki to‘sib qo‘yish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib mulk talab qilish ham tovlamachilik sifatida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishi mumkin:

BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima;
2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
1 yilgacha ozodlikni cheklash;
1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish yoki belgilangan tartibni buzgan holda mayning faoliyatini amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima;
2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
1 yilgacha ozodlikni cheklash;
1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Shuningdek, yashirin mayningni amalga oshirish BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.