ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 13.09.2023 yildagi O‘RQ-868-son

9 ta bob, 73 ta moddadan iborat.

1) Qonunning maqsadi:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2) Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

Davlat chegarasini qo‘riqlash — jangovar-xizmat, tezkor-xizmat harakatlari, nazoratga oid, tezkor-qidiruv va rejimli tadbirlar majmui;

Davlat chegarasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini taʼminlash tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi xavfsizligini va hududiy yaxlitligini taʼminlash bo‘yicha siyosiy, tashkiliy-huquqiy, diplomatik, iqtisodiy, mudofaaga, chegaraga, tezkor-qidiruvga, bojxonaga, tabiatni muhofaza qilishga oid, sanitariya-epidemiologik, fitosanitariyaga, karantinga oid va boshqa chora-tadbirlar ko‘rish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punkti — Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan shaxslarga va transport vositalariga, shuningdek Davlat chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarga nisbatan nazorat tartib-taomillari va ularni Davlat chegarasi orqali o‘tkazish amalga oshiriladigan, xalqaro qatnovlar uchun ochiq bo‘lgan chegaraoldi temir yo‘l bekatlari va avtomobil yo‘llarining, daryo portlarining, aeroportlarning (aerodromlarning) maxsus jihozlangan hududi (uning bir qismi);

Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi davlat nazorati organlari — Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan shaxslarga va transport vositalariga, shuningdek Davlat chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarga nisbatan nazoratni amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, bojxona organlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, davlat veterinariya xizmati, o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati va yuoshqalar.

3) Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash;

davlatlarning suverenitetini, hududiy yaxlitligini, davlat chegaralari daxlsizligi va buzilmasligini o‘zaro hurmat qilish;

chegara masalalarini tinch yo‘l bilan hal etish;

chet davlatlar bilan teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida har tomonlama hamkorlik qilish;

chet davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;

kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik.

4) Davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat chegarasi delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilinadi.

Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasining va chegaradosh davlatlarning vakillaridan iborat bo‘lgan hukumatlararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Hukumatlararo komissiyadagi O‘zbekiston Respublikasi vakillarining tarkibi va ularning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi.

5) Davlat chegarasi joylarda aniq ko‘rinib turadigan chegara belgilari bilan ko‘rsatib qo‘yiladi.

6) Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organlarining hamkorligini taʼminlash maqsadida Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishning yagona tizimi tashkil etiladi.

7) O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati:

Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

Davlat chegarasining qo‘riqlanishi va himoya qilinishini taʼminlaydi;

Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishning yagona tizimiga kiruvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Davlat chegarasi xavfsizligiga tahdidlar to‘g‘risida axborot taqdim etadi;

razvedka, kontrrazvedka va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiradi.