ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 24.05.2023 yildagi PF-77-son

Farmonga asosan:

1) Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi;

2) 2023 yil 1 sentyabrdan:

aholi tomonidan Energetika vazirligining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida yuborilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;

3)  Quyidagi tartib o‘rnatiladi:

qonun buzilishi holati sodir etilayotganligi yoki fuqarolarning huquq va erkinliklariga, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilayotganligi aniqlanganda, prokuratura organlari tomonidan davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga qonun buzilishini zudlik bilan bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma kiritiladi;.

kuzatuvlar, so‘rovlar o‘tkazish, prokuror nazorati obyektini ko‘zdan kechirish, statistik axborotlarni va boshqa maʼlumotlarni o‘zaro taqqoslash orqali qonunlar ijrosini tizimli ravishda o‘rganish orqali prokuror monitoringi amalga oshiriladi.

4) 2023 yil 1 sentyabrga qadar qonunlar, shu jumladan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati tadbirlari hamda ularning natijasi bo‘yicha qo‘llanilgan prokuror nazorati hujjatlarining yagona bazasi yuritiladigan “Prokuror nazorati” axborot tizimi joriy etiladi.