Farmonga asosan:
1) Quyidagilar tasdiqlandi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari;
Soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari;
Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish va nomlash dasturi;
Raqamli texnologiyalar vazirligining tashkiliy tuzilmasi;
2) 2023 yil 1 sentyabrdan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida «Raqamli hukumat» tizimining yagona identifikatorlari hamda maʼlumotnomalar va tasniflagichlar registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat maʼlumotnomalar va tasniflagichlardan foydalanishlari shart;
3) 2024 yil 1 yanvardan Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi:
aloqa sohasidagi binolar, inshootlar va boshqa obyektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
aloqa sohasidagi mahalliy, shaharlararo va xalqaro tarmoqlarni loyihalashtirish;
4) 2024 yil 1 yanvardan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan har yarim yilda inson omilisiz shakllanadigan aholi va tadbirkorlik subyektlarining Yagona portaldagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi eʼlon qilib boriladi;
5) 7 may sanasi O‘zbekiston Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni deb eʼlon qilindi.