ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 28.01.2022 yildagi PF-60-son

Farmonga muvofiq:

1) Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:

a) 2026 yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinishi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi–to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan taʼminlash yo‘lga qo‘yilishi;

v) 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilishi belgilandi.

2) Taraqqiyot strategiyasida taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda:

a) 1 apreldan boshlab nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilishi;

b) o‘rta taʼlim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida:

umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 605 mlrd so‘m ajratilishi;

141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratildi va ularning soni 2026 yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazilishi belgilandi;

3) Taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini taʼminlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda:

a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmatini “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi;

b) xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat byudjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yo‘llashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish mexanizmi joriy qilinishi belgilandi;

4) Xalq taʼlimi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga 2022 yil 1 iyulga qadar quyidagilar bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi:

2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish;

xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilishini taʼminlab, malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimni joriy etish;

5) Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish surʼatlarini taʼminlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:

a) 2022 yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023 yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari ko‘rilib, keyinchalik inflyatsiya va Davlat byudjeti taqchilligi ushbu ko‘rsatkichdan oshmasligini taʼminlab borish;

b) 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha hamda 2025 yildan bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushirish;

v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘rilishi belgilandi;

6) 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etilishi hamda takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablar qayta ko‘rib chiqilib, yagona reyestr 2025 yil 1 iyuldan boshlab to‘liq ishga tushirilishi belgilandi;

7) Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatilishi, jumladan, 2022 yilda — 14 ta, shu jumladan sertifikatlashtirish xizmatlari; 2023 — 2025 yillarda — 11 ta, shu jumladan neft mahsulotlarini saqlash, temir yo‘llarda tashishda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, temir yo‘lda ekspeditorlik xizmatlari belgilandi;

8) Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida hududlar bilan ishlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi o‘rnatilishi:

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar asosida har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqilishi;

har chorak yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazirning o‘rinbosarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot berishi;

ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinishi belgilandi;

9) Davlat boshqaruvi organlarining “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida quyidagilar:

mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasiga ko‘ra ularni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;

barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy eʼlon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;

davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, eʼlon qilib borilishi;

davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida muntazam eʼlon qilib borish tizimi yaratilishi;

har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi;

10) Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini taʼminlash maqsadida 2022 yilda:

fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;

“Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinishi;

keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi belgilandi;

11) Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va maʼmuriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilishi;

qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini maʼmuriy sudda isbotlash majburiyatini, uni qabul qilgan mansabdor shaxsning o‘ziga yuklash tartibiga amal qilinishi qatʼiy taʼminlanishi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni hisobga olish bo‘yicha yagona onlayn elektron reyestr yuritilishi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi;

12) Jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy etildi.

Ushbu tizim doirasida jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda aniq loyihalarini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.