ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 05.07.2021 yildagi PF-6256-son

Farmonga muvofiq:

1) O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi (Konsepsiya);

O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi bo‘yicha 2021 – 2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo‘l xaritasi”;

 O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Kengash tarkibi (Kengash) tasdiqlandi;

2) Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

sud ekspertlarining xolisligi va mustaqilligini taʼminlash, sohadagi normativ-huquqiy bazani muntazam takomillashtirib borish;

sud-ekspertlik faoliyatini kengaytirish hamda sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish;

sud-ekspertlik faoliyatida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, shu jumladan uslubiyot va reglamentlarni takomillashtirish hamda sohaga fan va texnika yutuqlarini joriy etish va boshqalar;

3) X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda 15 ta shtat birligidan iborat Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot institutini (Institut) tashkil 

etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi va quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga ilmiy-uslubiy ko‘mak berish;

sud-ekspertlik vazifalarini hal qilishning ilmiy asoslarini takomillashtirish va yagona ilmiy-metodik yondashuvlarini ishlab chiqish;

sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarga uslubiy yordam ko‘rsatish va boshqalar;

4) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

a) 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:

davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi beriladi;

iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarining kasbiy malakasini aniqlash hamda ularning muntazam ravishda bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishni taʼminlash maqsadida ularni har uch yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy qilinadi;

b) 2022 yil 1 martdanboshlab sud ekspertlari va ekspertiza to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir maʼlumotlarni yetkazish, ekspertiza 

harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun mo‘ljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.

5) sud-ekspertiza sohasida kadrlarni tayyorlash oliy taʼlim muassasalarida dual taʼlim prinsipiga muvofiq, bakalavriat yoki magistratura bosqichlarida taʼlim olayotgan davrda shartnoma asosida tegishli ekspertiza turlari bo‘yicha kamida olti oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirilishi mumkinligi;

tayyorlash kurslari oliy taʼlim muassasalari va davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshirilishi;

tayyorlash kurslari tatbiq etilgan oliy taʼlim muassasalarida taʼlim standarti, o‘quv rejasi, o‘quv dastur (modul)lari, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjatlar oliy taʼlim muassasasi va davlat sud ekspertiza muassasasi o‘rtasida tasdiqlanishi;

tayyorlash kurslari natijalariga ko‘ra tegishli sud-ekspertiza faoliyati bilan shug‘ullanish uchun sertifikat berilishi;

Adliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ekspertlar tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibini tasdiqlashi belgilandi;

6) Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlari tomonidan o‘tkaziladigan sud ekspertizalarining murakkablik darajasini aniqlash, sud ekspertizalarining murakkablik darajasiga qarab ularni amalga oshirish muddatlarini hisoblash tartibini, sud ekspertlari yuklamalarining normativlarini belgilash va ularga rioya etilishi yuzasidan nazorat olib borish;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari, ularning sud ekspertlari va sud-ekspertlik tadqiqotlari uslublarining davlat reyestrlarini yuritish;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan har bir sud-ekspertiza turlari bo‘yicha moddiy-texnika bazasining 

jihozlanishiga qo‘yiladigan minimal talablarni tasdiqlash va boshqalar;

7) Adliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilindi;

8) Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari 2023 yil 1 iyunga qadar ularning faoliyatini taʼminlash uchun o‘xshashi O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, dasturiy taʼminotlar, reaktivlar, reagentlar va sarflash materiallari hamda foydalanishda bo‘lgan asbob-uskunalarning ehtiyot qismlari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.