Farmonga muvofiq:
1) Ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari etib quyidagilar belgilandi:
har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolarni bevosita joylarning o‘zida hal etish;
hududlarda jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahallalarni toifalarga ajratish hamda hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda «jinoyat o‘choqlari»ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalarni jalb qilish;
“respublika — viloyat — tuman — mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, ichki ishlar va boshqa davlat organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash;
ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning masʼuliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlariga qarshi kurashish uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish hamda sohani to‘liq raqamlashtirishga erishish;
2) Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari bosqichma-bosqich tashkil etilishi hamda:
mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi bo‘g‘ini hisoblanishi;
mahalla huquq-tartibot maskani negizida hududdagi ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati tashkil etilishi;
mahalla huquq-tartibot maskani tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi profilaktika inspektoriga yuklanishi belgilandi;
3) Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Tezkor-qidiruv departamenti, Jamoat xavfsizligi departamenti, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tashkil etildi;
4) ichki ishlar organlarining barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmaviy-funksional bo‘ysunuvidan chiqarilib, Jazoni ijro etish departamenti bo‘ysunuviga o‘tkazildi.