Qonun 7 bob va 54 ta moddadan iborat.
1. Qonunning maqsadi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faoliyatini tartibga solish.
2. Milliy gvardiyaning tizimi Milliy gvardiyaning markaziy devoni, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, harbiy tuzilmalar, taʼlim va tibbiyot muassasalari, shuningdek Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa bo‘linmalar va tashkilotlardan iborat bo‘ladi.
3. Milliy gvardiya xodimlari uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.
Zarur bo‘lgan hollarda, Milliy gvardiya xodimlari xizmatni o‘tashga kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda jalb qilinishi mumkin.
Milliy gvardiya xodimlariga taʼtilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo‘lgan, biroq uch kundan oshmaydigan vaqt qo‘shilgan holda davomiyligi o‘ttiz kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi taʼtil beriladi.
4. Milliy gvardiya xodimlariga quyidagi kalendar hisobdagi xizmat davri uchun:
o‘n yillik xizmatdan so‘ng — davomiyligi besh kun;
o‘n besh yillik xizmatdan so‘ng — davomiyligi o‘n kun;
yigirma yillik xizmatdan so‘ng — davomiyligi o‘n besh kun bo‘lgan, haq to‘lanadigan qo‘shimcha taʼtil beriladi.
5. Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) tegishli maʼlumotga ega bo‘lgan, sog‘lig‘ining holatiga va jismoniy tayyorgarligiga ko‘ra Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
6. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisini harbiy xizmatdan bo‘shatish tartibi umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.
7. Milliy gvardiya xodimlariga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
safdorlar tarkibi — “safdor”;
serjantlar tarkibi — “kichik serjant”, “serjant”, “katta serjant”;
kichik ofitserlar tarkibi — “leytenant”, “katta leytenant”, “kapitan”;
katta ofitserlar tarkibi — “mayor”, “podpolkovnik”, “polkovnik”;
generallar tarkibi — “general-mayor”, “general-leytenant”, “general-polkovnik”.
Maxsus unvonlarni berish va ulardan mahrum etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
8. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘ziga biriktirilgan o‘qotar qurol va maxsus vositalarni xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olib yurish, saqlash, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda o‘qotar qurolni qo‘llash huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ega bo‘ladi.