ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 06.11.2020 yildagi PF-6108-son

Farmonga muvofiq:

1) O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yana-da rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi;

2) 2021 yil 1 martdan pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlariga umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berildi;

3) 2021 yil 1 sentyabrdan:

maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari davlat taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarini (keyingi o‘rinlarda — pedagog xodimlar) attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasini berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirilishi;

pedagog xodimlarga barcha malaka toifalarini berish, shuningdek, talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, pedagog xodimlarning oliy maʼlumot yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomida ko‘rsatilgan tayyorlov, taʼlim yo‘nalishlari, mutaxassislik yoki ixtisosliklarga mos keladigan fanlardan imtihonlar tashkil qilinadi va axborot tizimlarini qo‘llagan holda ularning faoliyat samaradorligi baholanadi;

pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmaydi, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undirilishi belgilandi.

3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi PQ-4306-son qarorida ro‘yxati belgilangan xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan umumtaʼlim muassasalarining o‘qituvchilariga — oliy, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining o‘qituvchilariga — bosh o‘qituvchi malaka toifasi berilishi;

umumiy o‘rta, o‘rta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020 yil 1 noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar 1,5 baravarga oshirilishi;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab umumtaʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan va oliy pedagogik maʼlumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun bakalavriatning sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha alohida maqsadli qabul parametrlari ajratilishi;

2021 yil 1 yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik pul kompensatsiyasi berilishi belgilandi.