Farmonga muvofiq:
1) Quyidagilar:
2020 – 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi va unda quyidagilar nazarda tutilishi belgilandi:
mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;
taʼlim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yana-da takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;
davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va boshqalar;
2) Quyidagilar asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi:
a) taʼlim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yana-da takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish sohasida:
2025 yilga qadar davlat maktabgacha taʼlim tizimida amaldagi maktabgacha taʼlim muassasalarining hududlarini kengaytirish yoki yangi quriladigan muassasalar hisobiga o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish;
2030 yilga qadar umumtaʼlim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida o‘zbek tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;
oliy taʼlim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish;
b) davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish sohasida:
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida “O‘zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish;
2020 yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish;
teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;
v) davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga integratsiyalashuvini taʼminlash sohasida:
2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish;
dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;
xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;
g) davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish sohasida:
2030 yilga qadar xorijiy oliy taʼlim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish;
2025 yilga qadar “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga yetkazish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalarida o‘zbek tili kurslarini zarur ilmiy, o‘quv-uslubiy, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, o‘zbek tilini o‘rgatishga doir ilmiy tadqiqotlar miqdorini oshirish belgilandi;
3) Quyidagilar:
2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi;
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli (1-2 oygacha) o‘quv kurslari muntazam ravishda tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.