ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini chaqirib olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, 02.12.2004 yildagi 708-II-son

Qonun 10 ta moddadan iborat.

1. Deputatni, senatorni chaqirib olish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

deputatning, senatorning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini jinoiy, fuqaroviy, maʼmuriy hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa turdagi javobgarlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan tarzda buzganligi;

deputatning, senatorning axloq, deputatlik odobining umum eʼtirof etilgan normalarini qo‘pol ravishda buzuvchi va deputat, senator nomiga dog‘ tushiruvchi hamda davlat hokimiyati vakillik organlarining obro‘siga putur yetkazuvchi harakatlar, nojo‘ya ishlar sodir etganligi;

deputatning, senatorning qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z vazifalarini muntazam ravishda, uzrli sabablarsiz bajarmaganligi, shu jumladan tegishli xalq deputatlari Kengashlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining, ular organlarining topshiriqlarini bajarmaganligi;

deputatning uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi.

2. Qonunchilikni, axloq va deputatlik odobi normalarini buzgan, o‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmayotgan deputatni, senatorni chaqirib olish zarurligi to‘g‘risidagi qaror tegishincha xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan qabul qilinadi.

3. Qonunchilikka muvofiq deputatni chaqirib olish u saylangan okrug saylovchilarining yashirin ovoz berishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Deputatni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berishni Markaziy saylov komissiyasi deputatni saylash uchun belgilangan tartibda tashkil etadi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) deputatni, senatorni chaqirib olish uchun ushbu Qonunning 1-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘lgan materiallar tushgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatdan kechiktirmay deputatga, senatorga tushgan hujjatlarning nusxalarini ilova qilgan holda yozma xabarnoma yuboradi.

Chaqirib olish haqidagi masalasi qo‘yilgan deputat saylovchilar bilan uchrashishga, saylovchilarning yig‘ilishlarida, davlat hokimiyati vakillik organlarining sessiyalari va majlislarida chaqirib olinishi haqidagi masala ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etishga hamda o‘zini himoya qilib so‘zga chiqishga haqli.

Deputatni, senatorni chaqirib olish haqidagi masala qo‘yilishiga sabab bo‘lgan yolg‘on axborotni bilaturib taqdim etgan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

4. Deputatni chaqirib olish ishlarini tashkil etish tegishli okrug komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

5. Deputatni, senatorni chaqirib olish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.