ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 28.08.2020 yildagi O‘RQ-635-son

Qonun 8 ta bob va 47 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

O‘zbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha komissiyalar maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini hamda viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlarining iltimosnomalarini ko‘rib chiqish hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazish maqsadida tashkil etiladi.

3. Komissiya maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha kelib tushgan taklifni yoki iltimosnomani bir oy ichida ko‘rib chiqadi. Komissiya ko‘rib chiqish va davlat ekspertizasi yakunlariga ko‘ra xulosa tayyorlaydi.

4. Maʼmuriy-hududiy birliklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan ularni Maʼmuriy-hududiy birliklarning davlat reyestriga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

5. Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha takliflar yoki iltimosnomalar taqdim etgan davlat organlari vakolatli davlat organlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan keyin o‘n ish kuni ichida tegishli hujjatlarni Maʼmuriy-hududiy birliklarning davlat reyestriga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiga kiritishi shart.

6. Viloyatlarni tuzish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.

7. Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni tuzish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasining chegaralari faqat uning roziligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.

9. Viloyatlarning va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasining poytaxtini belgilash va ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.

11. Viloyatlarning maʼmuriy markazlarini belgilash va ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tegishli viloyatlar hokimlarining iltimosnomalari asosida amalga oshiriladi.