Qonun 5 ta bob va 31 ta moddadan iborat.
1. Qonunning maqsadi
Aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.
2. Aholini ro‘yxatga olish – O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni.
3. Aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sanasi va muddati ko‘rsatilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, ro‘yxatga olishni o‘tkazish mo‘ljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
5. Qonunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida respondentlar hamda ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilangan.
6. Shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish amalga oshiriladigan savollar ro‘yxati Aholini ro‘yxatga olish dasturidir.
Aholini ro‘yxatga olish dasturi quyidagi savollarni o‘z ichiga oladi:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
tug‘ilgan sanasi va joyi;
yoshi;
jinsi;
millati;
fuqaroligi;
yashash joyi (turgan joyi);
tillarni bilishi;
maʼlumoti;
nikoh holati;
bolalarining soni;
uy xo‘jaligi tarkibi;
uy-joy sharoitlari;
bandligi;
yashash uchun mablag‘lar manbalari;
migratsiya (ichki va tashqi).
7. Shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
8. Shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yig‘ma statistik axborot aholini ro‘yxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridir.
Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy maʼlumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.